Breaking News

Markaziy Osiyo gazi Yevropaga hozircha faqat Rossiya orqali boradi


Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin nazarida uning davlati hali uzoq vaqt bosh eksportchi bo'lib qoladi
Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin nazarida uning davlati hali uzoq vaqt bosh eksportchi bo'lib qoladi

Gazga muhtoj Yevropa uchun yagona energetik siyosatni amalga oshirish hozirda dolzarb masala bo’lib qolmoqda. Asosiy ta’minotchi Rossiya Kavkaz va Markaziy Osiyo neft va gaz zaxiralari eksporti ustidan o’z monopoliyasini osonlikcha berib qo’ymaydi.

Gap bu yerda Turkmaniston, Qozog'iston va O'zbekistonning yiliga milliardlab kubometr mahsuloti xususida ketmoqda.

Qozog'iston bu yil jami 9,2 milliard, Turkmaniston 8 miliard, O'zbekiston esa 12 milliard kubometrdan oshiq gaz eksport qilishni rejalagan. Rossiya har bir kubometr uchun 145-185 dollar orasida to'laydi va ustiga qo'yib, G'arbga sotadi.

Turkmanistonda bu hafta yangi bir kompressor inshooti ishga tushdi. U Rossiya va Eron ta'minot tizimlariga ulangan.

Ukraina va bu davlat o’rtasida gaz to’lovlari bo’yicha davom etayotgan ziddiyatlar Yevropani yana gazsiz qoldirishi mumkin degan xavotirlarni ham uyg’otmoqda.

Yevropa albatta gaz masalasida faqat Rossiyaga qaram bo’lib qolmoqchi emas. Qish yaqinlasharkan, bu muammo ittifoq yig’inlarida asosiy mavzuga aylanmoqda.

Biroq amalda Rossiyadan tashqari boshqa muqobil ta’minotchining o’zi yoq.

Yevropa boshlagan loyihalar esa Rossiyaning keskin qarshiligiga uchrab keladi.

Ittifoq rasmiylari deydiki, Rossiya “Nabukko” loyihasiga to’sqinlik qilmoqda. G’arb tomonidan quvvatlangan bu yo’nalish asosan Ozarbayjon va Turkmaniston gaziga mo’ljallangan.

Rossiyani chetlab o’tuvchi bu quvur loyihasi anchadan buyon muhokamada.

“Ashgabatda va Yevropa Ittifoqiga tushuntirish lozim, agar ular quvur yotqizishsa, bu Rossiyaning yuziga tupirish bo’ladi. Rossiya bunga qarshi har qanday yo`llar, hatto qurol orqali ham kurashishga tayyor”, - deb yozadi Rossiya energetika xafvsizlik jamg’armasi rahbari Konstantin Simonov “Ekspert” jurnalida chiqqan maqolasida.

“Nabukko” - Kaspiy dengizi tubida Ozarbayjon va Turkmanistonni bog’lovchi gaz quvurlarini yotqizilishidir. Rejaga ko’ra, loyiha qurilishi 2013-yilda boshlanishi kerak.

Rossiya nazarida esa Kaspiy dengizida bunday quvur yotqizish noqonuniy bo’ladi. Oldin, deydi Kreml rasmiylari, bu borada Kaspiybo’yi davlatlari bilan kelishib olish kerak.

Rossiya nazarida Kaspiy dengizi tubida quvur yotqizish uchun avval uning bo'yidagi davlatlardan ruxsat olish kerak
Rossiya nazarida Kaspiy dengizi tubida quvur yotqizish uchun avval uning bo'yidagi davlatlardan ruxsat olish kerak

Belaruslik mustaqil jurnalist Arkadiy Vatyuk - bu masalani keng yoritgan mutaxassis.

“Gruziya urushidan keyingi vayizatga qarab, Rossiya bu loyihaga qarshi qurol bilan kurashadi deyish, nazarimda, biroz noto’g’ri. G’arb uchun gaz ta’minotining muqobil yo’llari juda zarur. Albatta, Rossiya bunday loyihalar amalga oshmasligi uchun qo’ldan kelgan qarshiligini ko’rsatadi”, - deydi Vatyuk.

Rossiya Ukrainani aylanib o’tuvchi ta’minot yo’llari ustida bosh qotirmoqda.

“Rossiya hozir Boltiq dengizi tubidan “Shimoliy oqim”, Qoradengiz tubidan “Janubiy oqim” gaz quvurlarini qurish bilan “Nabukko” loyihasini yo’qqa chiqarish harakatini qilmoqda”, - deydi Vatyuk.

Ittifoq 2020 yilga qadar energetik ta’minotni rivojlantirish bo’yicha yangi strategiya e’lon qilgan.

Energetik resurslarga boy Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish, hamkorlikni kengaytirish mana shu dasturning bir qismi.

Ayni paytda Yevropaning bir necha kompaniylari Markaziy Osiyo tabiiy zaxiralarini qazish va ishlab chiqarish jarayonlarida qatnashmoqda. Biroq mahsulot ittifoqqa to’g’ridan to’g’ri chiqmaydi.

“Nabukko” loyihasi amalga oshsa, bu Yevropa va Markaziy Osiyoni bevosita bog’lovchi ilk energetik loyiha bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG