Polsha maxfiy turmalarga ruxsat bergani uchun jarima to'laydi

  • Amerika Ovozi

Polsha hukumati o'z hududida yashirin qamoqxonalarga ruxsat berib, ularda saqlangan mahbuslarning huquqlarini poymol etgan. Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi shunday hukm chiqardi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi yuritgan bunday maxfiy turmalarda terrorizmda gumon qilingan shaxslar saqlangan. 2001-yilning 11-sentabr xurujlari ketidan mahbuslarni uchinchi bir davlatga ko'chirib, so'roq qilish hollari ko'paygan edi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2010-yilda e'lon qilgan tekshiruv natijalariga qaraganda O'zbekiston ham bu borada AQSh razvedkasi bilan hamkorlik qilgan.

Yevropa sudi qarorida terrorizmda gumon qilingan ikki shaxs tilga olinadi - Abdulrahim al-Noshiriy va Abu Zubayda. Har ikkisi 2002-2003-yillarda Polshadagi pinhona qamoqda saqlangan. O'rmonda joylashgan bu maskanni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi yuritardi, bizni o'sha joyda azoblashgan, deya da'vo qiladi ular.

Al-Noshiriy va Abu Zubayda hozirda AQShning Kubadagi Guantanamo qamog'ida saqlanmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi, Fransiyaning Strasburg shahrida asoslangan organ, Polshani xalqaro qonunlarni buzganlikda aybdor deb topdi. Varshava bu ikki shaxsga kompensatsiya to'lashi kerak.

Aytish joiz, AQSh razvedkasi chet mamlakatlarda yashirin qamoqxonalar ochib, mahbuslarni qiynagani sud tomonidan ilk bor tan olinmoqda.

Vashington bunday dastur bo'lganini rad etmaydi, ammo aynan qaysi davlatlar bilan hamkorlik olib borilgani shu kungacha ma'lum emas.

Sud hukmi maxfiy dasturda qatnashgan Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bersa, ajabmas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG