Yevropa parlamenti qrim-tatar Majlisining yopilishini qoraladi

  • Amerika Ovozi

Qrim ko'chalarida

Qrim ko'chalarida

Yevropa parlamenti Qrimning Rossiya himoyasidagi rasmiylari tomonidan o'tgan oy qrim-tatarlar Majlisining taqiqlanishini keskin qoraladi. Bu haqdagi bayonot mintaqada "Ozodlik" radiosining Qrimga oid yangiliklar sayti to'sib qo'yilgan bir paytda yangradi.

Yevropa Ittifoqi qonun chiqaruvchi organi qabul qilgan rezolyutsiya Qrim Oliy sudining 26-aprel kungi qarorini "tatarlarni tarixiy vatanidan quvib chiqarishga urinish hamda bir millatni maxsus va sistematik ravishda tayziq ostiga olish" deb atadi.

Unda, shuningdek, qrim-tatarlarga qarashli tashkilotlarga "ekstremist" tamg'asi bosilayotgani va faollar tez-tez "terrorchi" deya ayblanayotgani qayd etiladi.

Qrim faollarining 12-may kuni xabar berishicha, xavfsizlik kuchlarining niqobli xodimlari Bog'chasaroy shahridagi uylarda tintuv o'tkazib, to'rt kishini hibsga olgan. Qrim prokurori ularni taqiqlangan "Hizbut Tahrir" guruhiga a'zolikda ayblamoqda.

Yevropa parlamenti rezolyutsiyasida Qrimning 2014-yil Rossiya tomonidan egallab olinishi keskin tanqid qilinadi va ittifoq xalqaro tan olingan chegaralar doirasida Ukrainaning hududiy yaxlitligi, birligi, siyosiy mustaqilligi va suverenitetini to'la qo'llab-quvvatlashi aytiladi.

Bu orada 12-maydan boshlab "Ozodlik" radiosining Qrimga bag'ishlangan maxsus saytiga foydalanuvchilar Ukraina, Rossiya va Qrimdan kira olmayotgani xabar qilinmoqda. Sayt manzili terilganda, "Aloqaga ruxsat berilmadi, chunki bu sayt taqiqlangan saytlar ro'yxatiga qo'shilgan", degan yozuv chiqadi.

Saytga taqiq Rossiya hukumati tomonidan qo'yilgani taxmin qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG