Yevropa inqirozi Xitoyga qo'l kelyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbout kotibi Xon Li jurnalistlar bilan muloqot qilmoqda

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbout kotibi Xon Li jurnalistlar bilan muloqot qilmoqda

Yevropada moliyaviy inqiroz chuqurlashar ekan, Xitoy kuchli yevro va Yevropa iqtisodidan manfaatdor ekanini ta’kidlamoqda. Buning sababi aniq: Xitoy Yevropa iqtisodiga milliardlab dollar sarmoya yotqizgan va o’z ta’sirini kuchaytirishda davom etmoqda.

Italiya va Gretsiya inqiroz botqog’ida ekaniga qaramay, Pekin rasmiylari Yevropa Ittifoqini, xususan yevro valyutasini qo’llab-quvvatlamoqda.

Pekinda jurnalistlar bilan uchrashgan Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Xon Li Yevropa inqirozdan chiqa olishi va uning davlati sarmoyalarini saqlab qolishiga ishonch bildirdi.

Portugaliyada ommaviy namoyishlar

Portugaliyada ommaviy namoyishlar

Xitoy xorijiy zaxiralari 2,8 trillion dollarga teng. Ularning qariyb 25 foizi - yevroda. Shu sababli Pekin Yevropa valyutasining kuchli va mustahkam bo’lishidan manfaatdor.

Tashqi aloqalar bo’yicha Yevropa Kengashi xulosalariga ko’ra, Xitoy hozirgi inqirozdan foyda ko’rmoqda.

U, xususan, og’ir ahvolda bo’lgan ayrim davlatlarining qarzlarini sotib olmoqda va “yashil” texnologiya yo’lida investitsiya qilmoqda.

Xitoy bo’yicha mutaxassis Jonas Pareyo-Plesner:

”Yevropa inqirozi Xitoy uchun katta imkoniyat yaratdi. Ilgari Yevropa Xitoyga arzon ish kuchi o’lkasi deb qaragan. Endi esa Xitoy haqidagi tasavvurlar batamom o’zgardi. Pekin Yevropa hukumatlarining obligatsiyalari, sanoatlarini sotib olmoqda. Infratuzilma, masalan, yo’llar barpo etmoqda”.

Jan-Klod Triche, Yevropa Markaziy Banki rahbarlaridan biri

Jan-Klod Triche, Yevropa Markaziy Banki rahbarlaridan biri

Pareyo-Plesnerning aytishicha, Xitoyning Yevropadagi sarmoyalari 2015 yilda borib Yevropaning Xitoydagi sarmoyalaridan oshib ketadi.

Mutaxassis Yevropa rahbarlariga Pekindan tenglik va muvozanat talab qilishni tavsiya etadi.

”Yevropa Xitoyda ayni sohalarga sarmoya yotqizish huquqiga ega bo’lishi kerak. Xitoy Yevropada yo’llar qursa, biz ham Xitoyda yo’l qurish imkoniga ega bo’lishimiz kerak. Muvozanat o’zgarar ekan, aloqalar ham o’zgarishi kerak. Yevropa kelasi yillarda qaysi soha biz uchun ustuvorligini belgilab olishi lozim”.

Ishsizlik... Germaniya

Ishsizlik... Germaniya

Shu hafta AQShning Xitoydagi elchisi Geri Lok ham aynan shunday fikr bildirdi. U Pekindan Amerika kompaniyalari uchun imkoniyatlar yaratishni so’radi.

Pekin esa o’zining nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ta’sirini oshirishda davom etmoqda.

Elis Richard, Xitoy bo’yicha ekspert fikricha, bu davlat strategiyasi kun sayin mukammallashmoqda:

”So’nggi 1-2 yil ichida ularning uslublari o’zgardi. Xitoy vakillari har bir tadqiqot markazi uchrashuvi va Yevropa parlamenti yig’inida qatnashadi. Ular muammolarni muhokama qila boshlagan. Uchrashuvlarga puxta tayyorlanadi, Yevropani ipidan ignasigacha biladi”.

Shunga qaramay, mintaqada Xitoyga nisbatan ishonchsizlik kuchli.

Milliardlab dollar sarmoya bu munosabatni o’zgartira oladimi? Buni vaqt ko’rsatadi, deydi ekspertlar.

Shu hafta Xitoy og’ir iqtisodiy ahvolda bo’lgan Belarusga 1 milliard dollar kredit ajratdi. Yevropaning boshqa mamlakatlaridan farqli o’laroq Minsk Pekinni Tayvan, Tibet, Shinjon hamda inson huquqlari masalalarida qo’llab-quvvatlab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG