Yevropa Ittifoqi a'zolik bo'yicha Turkiya va Serbiya bilan muloqot boshladi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li (chapda) Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan Klod Yunker bilan, Bryussel, 29-noyabr, 2015-yil.

Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li (chapda) Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan Klod Yunker bilan, Bryussel, 29-noyabr, 2015-yil.

Yevropa Ittifoqi yangi a'zolarni qabul qilish bo'yicha Serbiya bilan muloqot boshladi. Shuningdek, uzoq muddatli tanaffusdan so'ng Turkiya bilan ham shu mavzudagi muzokaralar qayta boshlangan.

Dushanba kuni Serbiya rasmiylari bilan o'tkazilgan ilk muloqotda 35 bosqichli jarayonning dastlabki ikki bosqichi ko'rib chiqildi. Unda moliyaviy nazorat hamda Belgradning Kosovo bilan munosabatlariga e'tibor qaratildi.

Serbiya so'nggi paytlarda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni kuchaytirib, 90-yillardagi Bolqon urushi jinoyatchilarini hibsga olish bo'yicha xalqaro prokurorlar talablarini bajargani uchun Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari yaxshilangan va shu tariqa ittifoqqa a'zolik masalasida muzokaralar boshlangan.

Ittifoq ayni paytda Turkiya bilan ham a'zolik muloqotini qayta boshladi. Bu boradagi muzokaralar bir yil oldin to'xtab qolgan edi.

Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish jarayoni uzoq va murakkab bo'lib, har ikki davlatning tez orada a'zolikka qabul qilinishi kutilmayapti. Muloqotlar davomida migrantlar oqimi va terrorizm xavfi kabi masalalar ham ko'rib chiqiladi.

Tashqi siyosat bo'yicha ittifoq bosh rasmiysi Federika Mogerinining aytishicha, terrorizm va qochoqlar inqirozi ittifoq va bu o'lkalarning bir qit'ada joylashganini va bir xil muammolar bilan yuzlashayotganini ko'rsatgan. Shuning uchun umumiy siyosat yuritishimiz biz uchun foydali, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG