HRW: Yevropa Ittifoqi Qirg'izistonga bosimni oshirsin

  • Amerika Ovozi

Azimjon Asqarov, 2010-yilgi etnik to'qnashuvlarni uyushtirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan siyosiy mahbus. Huquq faollari uni nohaq ayblangan deb hisoblaydi.

Azimjon Asqarov, 2010-yilgi etnik to'qnashuvlarni uyushtirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan siyosiy mahbus. Huquq faollari uni nohaq ayblangan deb hisoblaydi.

Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev Yevropa Ittifoqiga safar qilmoqda. Shu munosabat bilan "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti Bryussel rasmiylarini Qirg'izistondagi ahvolga yaxshiroq e'tibor qaratishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi Bishkekni nohaq qamalgan huquq himoyachisi Azimjon Asqarovni zudlik bilan ozod etishga undashi kerak, deyiladi "Human Rights Watch" e'lon qilgan bayonotda. Shuningdek, Qirg'iziston sudlarida tez-tez uchrab turadigan zo'ravonlikka chek qo'yilishi hamda nodavlat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi qonun loyihasining qabul qilinishiga yo'l qo'yilmasligi lozim, deydi xalqaro huquq tashkiloti vakillari.

"Asqarov ishi uch yil avval janubiy Qirg'izistondagi etnik zo'ravonliklar ketidan mamlakatda adolatsizlik haddan ziyod kuchayib ketganining yorqin dalilidir - deydi "Human Rights Watch" tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi Mihra Ritman. - Yevropa Ittifoqi Atambayevga bosim ko'rsatib, ishni qayta ko'rib chiqishga hamda Asqarovga nisbatan qo'llangan qiynoq hollarini tergov qilishga undashi lozim".

2010-yil iyun oyida janubiy Qirg'izistonda yuz bergan etnik to'qnashuvlarning alanga olishida mahalliy o'zbeklar yetakchilaridan biri Azimjon Asqarov aybdor deb topilgan edi. Adolatsiz tarzda o'tgan sud ishidan so'ng, Asqarov umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. 62 yoshli Asqarov tergov davomida o'ziga nisbatan qiynoqlar qo'llanganini aytadi. Ammo prokurorlar bunday shikoyatlarni o'rganib chiqishdan bosh tortmoqda. Ayni paytda Azimjon Asqarovning sog'ligi yomonlashgani aytiladi.

Atambayev Bryusselga tashrifi davomida yuqori martabali rasmiylar bilan, xususan, Ittifoqning vitse-prezidenti, tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha vakili Ketrin Eshton, Yevropa Parlamenti prezidenti Martin Shulz, Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barroso va Yevropa Kengashi prezidenti Herman van Rompuy bilan uchrashishi kutilmoqda.

Yaqinda Qirg'iziston parlamentining ikki deputati nodalat tashkilotlari faoliyatini chekovchi yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Rossiyaning xorijiy agentlarga oid yaqinda qabul qilgan qonuniga o'xshatma tarzida taqdm etilayotgan ushbu loyihada chetdan moliyaviy ko'mak olivchi tashkilotlar "xorij agenti" sifatida ro'yxatdan o'tishi tavsiya etiladi.

"Yevropa Ittifoqi yetakchilari prezident Atambayevni Qirg'izistonda erkin uyushish huquqini poymol etuvchi bunday adolatsiz qonunlarning qabul qilinishiga qarshi ochiq gapirishga undashi kerak", - deydi "Front Line Defenders" tashkiloti rabar Mari Lavlor.

Qirg'iziston Markaziy Osiyoda parlament demokratiyasiga asoslangan yagona davlat hisoblanadi. So'nggi yillarda mamlakatda qator siyosiy va huquqqa oid islohotlar o'tkazildi, qiynoqlarning oldini olish mexanizmi tashkil etildi.

Ammo shunga qaramay, bu yerda asosiy inson huquqlarining poymol qilinishi keng tus olgan. Ayniqsa, janubiy viloyatlarda 2010-yilgi zo'ravonliklardan so'ng mahalliy o'zbeklarning haq-huquqlari ommaviy tarzda buzilayotgani haqida xabarlar mavjud.

O'zbeklar jamiyati yetakchisi Azimjon Asqarovning ham hukumatning ozchilik elatlarga qarshi qaratilgan ana shunday adolatsiz siyosati qurboni bo'lgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG