Migrantlar Yevropadan Turkiyaga qaytishni istamayapti

  • Amerika Ovozi

Gretsiyaning qochqinlar bilan ishlovchi xodimlari immigratsiya uchun arizalarni rasmiylashtirishga ulgurmayotgani bois noqonuniy migrantlarni mamlakatdan deportatsiya qilish jarayoni vaqtincha to'xtatildi.

Turkiya va Yevropa Ittifoqi o'rtasida erishilgan bitimga ko'ra, Yevropaga noqonuniy ravishda kirgan muhojirlar Turkiyaga qaytariladi, Turkiyada qochqinlik maqomini qo'lga kiritgan migrantlar esa Yevropaga yuboriladi. Mazkur kelishuvga muvofiq, dushanba kuni 200 odam ro'yxatga olingandan so'ng Turkiyaga deportatsiya qilindi. Yevropa Ittifoqi bu bilan odamlarni mo'maygina pul evaziga dengiz orqali o'tkazayotgan kontrabandachilar biznesiga bolta urmoqchi. Qochqinlar Turkiyaga qaytishni istamayapti.

Deportatsiyalarga qaramay, Gretsiyaga Turkiyadan migrantlar kelishda davom etmoqda.

"Turkiyaga qaytgimiz yo'q. U yerda ko'p aziyat chekdik. Hech bir joy Turkiyachalik yomon emas", - deydi Firaz Qosim ismli suriyalik qochqin.

Turkiya 20-martdan keyin Gretsiyaga kirgan muhojirlarni qaytib olish roziligi evaziga Yevropa Ittifoqi unga salkam yetti milliard dollar va'da qilgan. Inson huquqlari faollari kelishuvni tanqid qilmoqda.

"Migrantlarni Turkiyaga majburlab jo'natishmoqda, ammo Turkiya ular uchun xavfsiz joy emas. Anqara Jeneva konvensiyasini to'liq holda imzolamagan. Turkiyada faqat suriyaliklarga munosabat yaxshiroq, ammo boshqa mamlakatlardan borgan qochqinlar aslo himoyalanmagan", - deydi "Human Rights Watch" tashkilotining Germaniyadagi vakili Venzel Mixalski.

Deportatsiyaga uchraganlarning aksariyati Bangladesh va Pokistondan. Mintaqadagi notinchliklarga qaramay, bu mamlakatlar nisbatan xavfsiz ekani, qochqinlar qaytsa, zulmga uchramasligi aytilmoqda. Eron va Afg'oniston fuqarolari ham Gretsiyadan chiqarilmoqda.

Turkiyaga deportatsiya qilingan har bir migrant o'rniga Yevropa qochqinlik uchun qonuniy yo'l bilan hujjat to'ldirgan har bir suriyalikni Turkiyadan qabul qilishga rozi. Afrika va Osiyo mamlakatlari fuqarolarida bunday imtiyoz yo'q. Eronlik va afg'on migrantlar Gretsiyaning Lesbos orolida norozilik namoyishi o'tkazdi.

Yevropada qolishni istovchi suriyaliklar shoshilinch ravishda qochqinlik uchun ariza bera boshladi, shoshib qolgan grek mutasaddilari hujjatlarni rasmiylashtirishga ulgurmayapti, tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

"Arizada Germaniyaga jo'natinglar deb so'rasamu, meni Gollandiya yoki Shvetsiyaga yuborishsa. Ular biz uchun mamlakat tanlashyapti, ammo biz u mamlakatga borishni istamaymiz", - deydi Ashur ismli suriyalik.

Gretsiya yaqin orada barcha arizalarni rasmiylashtirishga ulgurishi amri mahol. Turkiya-Yevropa Ittifoqi kelishuvida qayd etilgan cheklovga tushib qolmaslik uchun 50 ming odam 20-martgacha Gretsiyaga kirib oldi. Makedoniya Gretsiya bilan chegarani yopgani hisobga olinsa, yana bir necha ming odam chegarada turib qolgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG