Breaking News

Yevropa Rossiya bilan aloqalarini qayta ko'rib chiqishi mumkin


Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa ittifoqi-Rossiya sammitida, 28-yanvar, 2014-yil, Bryussel.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa ittifoqi-Rossiya sammitida, 28-yanvar, 2014-yil, Bryussel.
Yevropa Ittifoqining Rossiyadagi delegatsiyasi rahbari Vigaudas Usakasning aytishicha, Ukrainadagi vaziyat yuzasidan o’tgan hafta erishilgan xalqaro kelishuvning ijobiy natija berishi dargumon. U bu haqda Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinida harbiy mashg’ulotlar olib borayotgan paytda ma’lum qildi.

Ukrainadagi muammolarning oson yechimi yo’q, deydi u. Ammo Jenevada erishilgan xalqaro kelishuv tomonlar rozi bo’lgan yagona platforma sifatida qabul qilingan bo’lsa-da, u hech qanday samara bermayapti, deydi Yevropa Ittifoqi rasmiysi.

“Afsuski, sharqiy Ukrainada Jeneva bitimini amalga oshirish bo’yicha deyarli hech narsa qilinmayapti. Ayniqsa, noqonuniy qurollangan guruhlarni qurolsizlantirish masalasida”, - deydi Usakas.

Yevropa rasmiysi Rossiyani tinchlik o’rnatishda faolroq bo’lishga chaqiradi.

24-aprel kuni sharqiy Ukrainada bo’lib o’tgan otishmada kamida 5 ta rossiyaparast guruh vakili halok bo’lgan. Rossiya prezidenti voqeani jinoyat deb atab, uning “jiddiy oqibatlar”ni keltirib chiqarishidan ogohlantirdi.

Usakas esa Kiyev o’z hududiy daxlsizligini himoya qilish huquqiga ega ekanini aytadi.

“Biz Ukrainada o’z mustaqilligini va hududiy birligini himoya qilish huquqi mavjudligini e’tirof etamiz. Ayni paytda barcha tomonlarni, jumladan, Ukraina hukumatini zo’ravonlikka undovchi harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, - deydi u.

Usakas Kremlni tinchlikka undayotgan bir paytda Rossiya harbiylari Ukraina chegarasi yaqinida harbiy mashqlarni amalga oshirmoqda. Bunga javoban, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirish bilan tahdid qilmoqda.

“Yevropa kengashi sanksiyalarning uchinchi bosqichini tatbiq etish ustida ishlayapti. Unda iqtisodiy jazo choralari ham hisobga olingan”, - deydi Usakas.

Agar Jeneva kelishuvi ish bermasa, yangi jazo choralarining kuchga kirishi ehtimoli yuqori. Ko’proq rasmiylarga viza taqiqini joriy etish hamda ularning xorijdagi mol-mulkini muzlatish ko’zda tutilmoqda. Ammo neft va gaz importiga embargo qo’yish rejalanmagan.

“Har ikki tomon vaziyatga real baho bermoqda. Ikki taraf ham bir-biriga bog’liq. Energiya bo’yicha hamkorlikda Rossiya mablag’ga muhtoj bo’lsa, Yevropaga Rossiyaning gazi kerak”, - deydi Bryussel rasmiysi.

“Interfaks” axborot agentligining xabar berishicha, Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Ukrainadan shu paytgacha ishlatilgan va shartnoma bo'yicha sotib olishi lozim bo'lgan gaz uchun 11,4 milliard dollar to’lashini talab qilmoqda.

Bunday sharoitda Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan aloqalarini qayta ko’rib chiqishi kerak, deydi Usakas.

“Rossiya Federatsiyasi biz o’ylagandan boshqacharoq bo’lib chiqdi. Buni e’tirof etishimiz va shunga qarab ish tutishimiz kerak”, - deydi u.

Ukraina masalasida tomonlar diplomatik so’z urushini davom ettirayotgan bir paytda kelajakdagi aloqalar qanday bo’lishi haqida taxmin qilish qiyin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG