Breaking News

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiya qo'llaydi


Ukrainada urib tushirilgan Boing samolyotining qurbon bo’lgan yo’lovchilari va ekipaji a’zolarining jasadlari Xarkovdan Gollandiyaga keldi, 23-iyul, 2014-yil
Ukrainada urib tushirilgan Boing samolyotining qurbon bo’lgan yo’lovchilari va ekipaji a’zolarining jasadlari Xarkovdan Gollandiyaga keldi, 23-iyul, 2014-yil

Yevropa Ittifoqi Malayziyaga qarashli yo’lovchi samolyotining urib tushirilganida Rossiyani mas’ul tutarkan, unga qarshi sanksiyalarni kengaytirishga va kuchaytirishga qaror qildi. Jazo choralari mudofaa, moliya va energetika sohalarini qamrashi kutilmoqda.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Ketrin Eshtonning kecha Bryusseldagi matbuot anjumanida aytishicha, Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishiga hamda Ukraina sharqidagi vaziyatni beqarorlashtirishga aloqador shaxs va kompaniyalar nishonga olinadi.

Ertaga Yevropa Ittifoqi qora ro’yxatni oshkor qiladi.

Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko’ra, mamlakat sharqida ikkita qiruvchi samolyot isyonchilar tomonidan urib tushirilgan. Uchuvchilar taqdiri haqida hech narsa deyilmayapti.

Ukrainada urib tushirilgan Boing samolyotining qurbon bo’lgan yo’lovchilari va ekipaji a’zolarining jasadlari Xarkovdan Gollandiyaga yuborildi. Mahalliy mutaxassislar qurbonlarning shaxsini aniqlaydi.

Gollandiyada bir kunlik motam e’lon qilingan. O’tgan payshanba kungi fojiada halok bo’lgan 298 odamdan 189 nafari shu mamlakat fuqarolari.

Samolyotning qora qutilaridagi ma’lumotlar Britaniyada tahlil qilinadi.

Ukraina sharqida hukumat kuchlariga qarshi jang qilayotgan isyonchilarni fojiada ayblayotgan Qo’shma Shtatlar avvaliga Rossiyani ham ayblagan edi, biroq kecha AQSh razvedkasi Rossiyaning bu ishga bevosita aloqadorligini isbotlovchi dalilga ega emasligini tan olgan.

Shunga qaramay, Vashington nazarida Moskva fojiaga yetaklovchi muhitni yaratgan.

Ukraina hukumati, AQSh va Yevropa davlatlari Rossiyani isyonchilarga mukammal havo mudofaasi tizimini uzatganlikda ayblamoqda. Ular nazarida samolyotni isyonchilar yerdan raketa bilan urib tushirgan. Biroq Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, fojiadan bir necha daqiqa oldin Ukraina jangovar samolyoti “Boing”ga yaqin uchgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG