Yevropa diplomatlari Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar muddatini cho'zdi

  • Amerika Ovozi

Simferopol, Qrimda Rossiya rahbari Vladimir Putinning surati. 24-yanvar, 2016-yil.

Simferopol, Qrimda Rossiya rahbari Vladimir Putinning surati. 24-yanvar, 2016-yil.

Yevropa Ittifoqi elchilari Bryusselda majlis qilib, Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni yana olti oyga cho'zdi. Ukrainadagi ixtilof hanuz yechimini topmagani bois shu qarorga kelindi.

Ittiffoqqa a'zo 28 davlat vakillari seshanba, 21-iyunda ana shu chorani ma'qulladi. Elchilarning qarorini endi kelasi hafta ittifoq tashqi ishlar vazirlari tasdiqlashi lozim.

Sanksiyalar Rossiyaning neft, moliya va mudofaa sektorlarini nishonga olgan.

Moskva 2014-yilning bahorida Qrimni Ukrainadan tortib olib, sharqda isyonchilarni qo'llab-quvvatlagach, sanksiyalar ilk bor tadbiq etilgan edi.

Joriy yilning ikkinchi yarmida Yevropa Rossiyaga nisbatan siyosatini kengroq tarzda ko'rib chiqishi kutilmoqda.

Sanksiyalar muddati iyul oxirida tugashi kerak edi. Agar cho'zilsa, 2017-yilning yanvariga qadar kuchda qoladi.

Sanksiyalar yumshatilishiga xayrixoh arboblar orasida Germaniya tashqi ishlar vaziri va Italiya bosh vazirini ko'rish mumkin. Fransiya parlamenti aprel oyida Yevropani Rossiyani sanksiyalardan xalos etishga undab rezolyutsiya chiqargan edi.

Ittifoq, shuningdek, 2014-yilda ayirmachilarni yoqlagan Rossiya va ukrainalik arboblarga viza cheklovlari joriy etgan, ularning hisob raqamlarini muzlatgan. Bu choralar sentabrda kuchini yo'qotadi.

2014-yilning boshidan beri Ukraina sharqidagi urush 9 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG