Yevropada Rossiyaning ta'siri kuchaymoqdami?

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunker Sankt-Peterburgda, 16-iyun, 2016-yil

Italiyada konstitutsion o’zgarishlar bo’yicha referendum qabul qilinmagach, Bosh vazir Matteo Rensi iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarda tashkilotga xayrixohlik so’nib bormoqda. Yaqinda Britaniyada ittifoqdan chiqish haqidagi referendum ham buni tasdiqladi. Avstriyada so’l qarashlarga ega arbob prezidentlikka saylandi, Bolgariyada Rossiyaga xayrixoh sotsialist nomzod saylovda g’alaba qozondi.

Yakshanba kuni Parijda Eyfel minorasi yonida Rus Pravoslav cherkoviga qarashli ibodatxona ochildi. Kreml tanqidchilari buni Prezident Vladimir Putinning Yevropaga ta’siri ramzi sifatida ko’rmoqda. Agar Fransiyada kelasi yili millatchi nomzod prezidentlikka saylansa, deydi tahlilchi Piter Yelsov, Rossiyaning qit’ada qudrati yanada oshadi.

"Rossiya banki ultra o’ng qanot Milliy front partiyasi yetakchisi Marin le Penga 27 million yevro qarz bergani sir emas. Aksar tahlilchilar nazarida u saylovda g’alaba qilishi mumkin. Ana o’shanda Yevropa Ittifoqining oxiri keldi, deyavering”, - deydi Vashingtondagi Milliy mudofaa universiteti professori.

Le Pen prezidentlikka saylansa, Donald Tramp va Putin bilan hamkorlikda dunyo tinchligi uchun kurashishini aytgan. Olim Yelsov nazarida, Trampning saylangani Yevropada millatchi guruhlar va sotsialist harakatlarni kuchaytirdi. Unga ko’ra, Rossiya har ikki tomonda radikal kuchlarni qo’llab-quvvatlaydi.

"Kreml Yevropa Ittifoqiga shubha bilan qarayotgan siyosatchilarni qo’llayotgandek – xoh o’ng qanot bo’lsin, xoh so’l qanot – muhimi ittifoqni tark etib, Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishga tayyor arbob bo’lishsin", - deydi professor.

Yelsovga ko’ra, Moskva ta’sirini oshirish uchun tashviqotni ham kuchaytirmoqda.

"Rossiya propagandasiga uchadigan davlatlardan Gretsiya, Italiya, Ispaniya va ma’lum darajada Bolgariyani ta’kidlash mumkin. Shimoliy Yevropa mamlakatlari bundan mustasno", - deydi u.

Yelsovning aytishicha, Kreml NATOni zaiflashtirishga, ayrim a’zolarini u yerdan chiqarishga ham harakat qilib ko’rishi mumkin. Qo’shma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilariga yordam berishda davom etishi kerak, deydi u.

"Amerika Sharqiy Yevropadagi ittifoqchilaridan yuz o’girmasligi lozim. Ayniqsa, Rossiyadan qo’rqib yashovchi va ko’p sonli rus aholisiga ega Boltiq mamlakatlaridan", - deydi Yelsov.

Tahlilchi AQShning Tramp prezidentligi paytida Rossiya bilan munosabatlari iliqlashsa ham Reygan-Gorbachyov davrichalik yaqinlashuv bo’lmasligini bashorat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG