Breaking News

Turkiya fuqarolari yaqin orada Yevropaga vizasiz kiradigan bo'ladi


Turkiyaliklar uchun Yevropaga vizasiz rejim
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Turkiyaliklar uchun Yevropaga vizasiz rejim

Yeropa Komissiyasi tavsiyasiga ko'ra, Turkiya fuqarolari bundan buyon Yevropa Ittifoqiga 90 kungacha vizasiz kirish huquqini olishga loyiq. Komissiya hisobotiga ko'ra, Anqara qo'yilgan 72 talabning aksariyatini bajargan va Yevropa Ittifoqi 30-iyungacha turkiyaliklarning Shengen hududida vizasiz yurishiga ruxsat beruvchi qonunni ma'qullashi kerak. Bunday chora Turkiyaning qochoqlarni qabul qilish qaroriga javoban amalga oshirilmoqda.

Mart oyida Gretsiya orollariga jami 26 ming atrofida migrant keldi. Bu fevraldagi ko'rsatkichning yarmidan ham oz. Anaqa bilan kelishuv samarasi bu, deydi rasmiylar.

"Agar hech narsa qilmaganimizda, Gretsiyani juda ulkan, yuz minglab odamlar to'planib qolgan qochoqlar lageriga aylantirgan bo'lardik. Shuni hal qildik", - deydi Yevropa Komissiyasi Vitse-prezidenti Frans Timmermans.

Turkiya Yevropaning barcha talablarini o'z vaqtida bajarishini aytmoqda. Nima bo'lishidan qat'i nazar, turklar uchun vizasiz rejimni joriy qilish kelishuvning bir qismi edi, deydi Anqara.

Ammo Germaniyadan siyosiy boshpana so'rayotgan turkiyalik kurdlar soni ortar ekan, immigrantlarga qarshi kayfiyat kuchaymoqda.

Kurdlar va Turkiya hukumati o'rtasidagi ziddiyatga asoslangan bu qo'rquv asossiz, deydi tahlilchi Ibrohim Sirkechi.

"Turkiyaning kurd fuqarolari Yevropadan boshpana so'rasa, ularga shu zahoti rad javobi beriladi. Azaldan shunday bo'lib kelgan", - deydi u.

O'ng qanot siyosatchilar migrantlarga oid qo'rquvdan obro' topishga urinmoqda. Inson huquqlari muammosini ro'kach qilib, ular Turkiya bilan kelishuvni bekor qilishga chaqirmoqda.

Bu orada "Xalqaro Amnistiya" Turkiyani yuzlab qochoqlarni majburan Suriyaga qaytarganlikda ayblamoqda.

"Turkiyaning qochoqlarni ular qochib kelayotgan mojaro zonalariga qaytarishi noqonuniy bo'lganidek, Yevropaning qochoqlarni ana shunday davlatga qaytarishi ham bundan kam bo'lmagan qonunbuzarlikdir", - deydi "Xalqaro Amnistiya" vakili Jon Dalxuysen.

Kuzatuvchilar fundamental huquqlar oyoq osti qilinayotganidan xavotirda.

Turkiyada 2014-yildan beri Prezident Rajab Toyib Erdog'anni haqoratlagan 1800 dan ortiq odamga jinoyat ishi ochilgan. Nobel mukofoti sovrindori Orxan Pamuk bundan xavotirda.

Siyosiy muxolifat ovozini o'chirishga urinishyapti. Odamlarni va mamlakatni qo'rqitib, hech kim hukumatni tanqid qilmasligini xohlashyapti", - deydi u.

Sirkechiga ko'ra, Yevropa gumanizm haqidagi azaliy da'volariga qarshi chiqmoqda.

"Insonparvarlik yordamiga muhtoj ulkan aholini tark etib, ularga yordam berish o'rniga qayerda bo'lsangiz, o'sha yerda turing, Turkiyaga 6 milliard yevro to'lab, chegaralarimizni yopib olamiz, deyish bilan Yevropa yutqazmoqda", - deydi tahlilchi.

Yevropa chegarasining bir tomonini yopsa, qochoqlar boshqa tomondan kirishga urinmoqda. So'nggi haftalarda Liviya orqali Italiyaga o'tayotgan migrantlar oqimi ko'paygan. Yoz yaqinlashar ekan, ular soni yanada oshishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG