Breaking News

Namoyishlar Turkiya-Yevropa munosabatlariga putur yetkazdi


Yevropa Ittifoqi Turkiya hukumatining namoyishchilarga qarshi qo’llagan choralarini keskin tanqid qilib, ittifoqqa a’zolik muzokaralarini kamida to’rt oy ortga surdi. Ammo Turkiyaning Yevropa ittifoqiga qo’shilishi bo’yicha muzokaralar davom etadi, deydi rasmiylar.

Turkiya-Yevropa munosabatlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:37 0:00
Yuklab oling

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovud o’g’lining aytishicha, bu qaror aslida Anqara diplomatiyasining g’olib chiqqanini anglatadi. Muzokaralarning to’rt oy ortga surilishi rasmiyatchilik bo’lib, ittifoq Turkiyaning a’zoligi bo’yicha muloqotning yangi bosqichini boshlashga tayyor ekanini aytmoqda, deydi turk rasmiysi.

Nomzod davlat Yevropa ittifoqiga qo’shilishi uchun 35 masala bo’yicha talablarga javob berishi kerak. Turkiya bilan shu paytgacha faqat 13 mavzu bo’yicha muloqot boshlangan, shulardan hozirgacha faqat bittasi yakunlangan, xolos.

Erdog’an hukumatining namoyishlarni kuch bilan bostirishiga qarshi, ayniqsa, Germaniya, Avstriya va Niderlandiya keskin norozilik bildirdi.
A’zolik masalasi bo’yicha navbatdagi uchrashuv shu hafta o’tishi rejalangan edi. Ammo Germaniya yetakchiligidagi Yevropa tashqi ishlar vazirlari muloqotni oktabr oyining or’tasigacha qoldirish haqida qaror chiqardi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Guido Vestervelle buni shunday izohlaydi:

“O’zimizni so’nggi kunlarda ro’y bergan voqealarni ko’rmaganga ololmaymiz. Boshqa tomondan, o’rtamizdagi uzoq muddatli strategik munosabatlarga ham putur yetmasligi kerak”, - deydi u.

Germaniyada sentabr oyida saylovlar bo’lib o’tadi. Kansler Angela Merkel mansub partiya Turkiya a’zoligiga qarshi ekanini o’zining saylov dasturiga kiritgan.

Germaniya-Turkiya savdo palatasida so’zlagan Merkel bu haqdagi fikrini shunday ifodalaydi:

“Turkiyada so’nggi paytlarda olingan ayrim suratlarni ko’rib hayratga tushganimni yashirmoqchi emasman. Umid qilamanki, muammolarga muloqot orqali yechim topiladi”, - deydi Germaniya hukumati rahbari.

London ham Anqaraning Yevropaga qo’shilishini istamayapti. Tadqiqotchi Pavel Svidlikining aytishicha, Turkiyaning ittifoqqa kirishi aslida Yevropa iqtisodiyoti uchun foydali.

“Yevropa siyosiy, iqtisodiy va demografik jihatdan muammolarga yuz tutib turgan bir paytda, Turkiya katta iqtisodiy imkoniyatlarga ega. Bu aslida Turkiyadagi dinamizmga qarama-qarshi holat”, - deydi tadqiqotchi.

Agar muloqotlarning yangi bosqichi boshlanmasa, Anqara ittifoq bilan aloqalarni butunlay uzishi mumkinligi haqida ogohlantiryapti. Yaqinda o’tkazilgan so’rovga ko’ra, Turkiya fuqarolarining aksariyati Yevropa ittifoqiga qo’shilishni istamaydi. Ayni paytda Anqara ham Yevropa doirasidan tashqarida xalqaro munosabatlarini kengaytirish yo’lidan bormoqda.

Tahlilchi Attila Yesilada fikricha, bundan Anqaraning Bryusselga qarshi kayfiyatini ilg’ash qiyin emas.

“Adolat va taraqqiyot” partiyasi bizga farqi yo’q degandek siyosat yuritmoqda. Aslida unday emas. Turkiya o’zining Yaqin Sharqdagi yoki musulmon dunyosidagi mavqeiga ortiqcha ishonib yuboryapti. O’zini Sharq va G’arb o’rtasida ko’prik deb biladi. Bu mavqeni boy berish Erdog’an partiyasi uchun katta zarba bo’ladi”, - deydi turk tahlilchisi.

Anqaraning namoyishchilarga qarshi qo’llagan keskin choralari xalqaro maydonda noroziliklarga sabab bo’ldi. Bungacha ham Turkiyaning tashqi siyosatiga qarshi tanqidlar o’sib borayotgan edi, deydi “Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idiz.

“Hukumat qo’shnilari bilan muammolardan xoli siyosat olib borishini e’lon qilgan edi. Endi esa, nafaqat qo’shnilari bilan, balki dunyo bilan tuzukroq bir aloqaga ega emasligi ma’lum bo’lib qoldi. Tashqi siyosatda qandaydir xatolik bor”, - deydi jurnalist.

Matbuot ustidan senzuraning mavjudligi, xususan, alkogolli ichimliklarga qo’yilgan cheklov yuzasidan ham noroziliklar oshgan.

Kuni kecha politsiya Istanbuldagi xonadonlarda reyd uyushtirib, 20 kishini hibsga olgan.

Saylov yaqinlashar ekan, Erdog’anning nima qilmoqchi ekanini oldindan aytish qiyin, deydi Idiz.

“Bosh vazir saylovga tayyorgarlikni erta boshlagan ko’rinadi. So’nggi voqealar ko’pchilikni tashvishlantirgani aniq. Hukumat o’z tarafdorlari orasidagi mashhurligi va Turkiyadagi real voqelik o’rtasida tutilib qolgan. Saylov shu ikki qarama-qarshi qutb orasida bo’ladi”, - deydi mahalliy kuzatuvchi.

Istanbul merining ogohlantirishicha, namoyishlar shaharning yozgi olimpiya o’yinlari uchun mezbonlik da’vosiga salbiy ta’sir qiladi. 2020-yilgi sport musobaqasi uchun mezbon shahar sentabr oyida tanlanadi. Nomzodlar orasida Istanbul ham bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG