Breaking News

AQSh-Yevropa erkin savdo kelishuvidan kimga nima foyda?


Amerika va Yevropa o’rtasida erkin savdo bitimi imzolanishi Yevropadagi iqtisodiy krizisni hal qilishda yordamlashadi, deydi Parijda biznes yetakchilar oldida so’zlagan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.
AQSh-Yevropa erkin savdo kelishuvidan kimga nima foyda?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:09 0:00
Yuklab oling

Bunday kelishuv, uning fikricha, iqtisodiyoti jadal o’sayotgan, ammo global qoidalarga bo’ysunmaydigan davlatlar bilan raqobat qilish uchun ham muhim.

Ayni paytda Vashington Yevropa Ittifoqi bilan transatlantik savdo va sarmoya bitimi bo’yicha muzokaralar olib borayapti. Birgalikda harakat qilishsa, bu dunyodagi eng yirik iqtisodiy zonaga aylanadi.

“Har ikkimiz pishiq iqtisodiy tizimga egamiz, lekin dunyo o’zgarib borayapti. Global bozorda bugun hammaning ishtahasi karnay, lekin davlatlarning hammasi ham bir xil qoidalarga rioya qilmaydi”, - deydi Jon Kerri.

“Ular orasida jar yoqasida turgan, boshqaruvi ishdan chiqqan, kelajakka boshqa ko’z bilan qaraydigan guruhlar bilan olishayotgan, qolaversa, istiqbolni diniy tuzumda ko’radigan mamlakatlar bor. Bular global bozorda o’ziga xos qiyinchiliklar tug’diradi”.

Davlat kotibining aytishicha, tobora o’zgarib borayotgan iqtisodiy muhit ayrimlarga qo’l kelmoqda.

“Hindiston, Xitoy, Braziliya, Janubiy Koreya, Meksika va boshqa jamiyatlar global iqtisodiy poygada ildam qadam tashlamoqda. Ekologik qoidalar, ishlab chiqarish va ishchi manfaatini ko’zlovchi me’yor-standartlar yo’qligi ularga muayyan ustunliklar beradi. Demakki, qanday mahsulot haqida gap ketmasin, uni mijozga yetkazish ustida raqobat kuchayadi”, - deydi Amerika bosh diplomati.

Natijada ko’plab bizneslar mavjud qoidalarni chetlab, ishchi kuchi eng arzon va nazoratdan xoli joylarga ko’chadi.

“Ammo shunday bir tizim yaratish kerakki, hammamiz birgalikda tubanlik tomon emas, yuksak sifat va umumiy qoidalar sari harakat qilsak, biznes yuritishning me’yorlarini belgilab olsak”, - deydi Jon Kerri.

Uning aytishicha, AQSh va Yevropa o’rtasidagi savdo va sarmoya bo’yicha hamkorlik aynan shu maqsadga qaratilgan.

“Hujjat tez orada imzolanib kuchga kirsa, butun dunyoga namuna bo’ladi”.

Kelishuvni ilk bor prezident Barak Obama yil boshida xalqqa qilgan murojaatida tilga olgan edi. Uning ta’kidlashicha, Yevropa bozori AQSh kompaniyalari uchun kengroq ochiladi, hozirgi kunda 459 milliard dollarga teng eksport hajmi yanada oshadi. AQSh va Yevropada 13 million ish o’rinlari yaratish mumkin.

Muhimi, erkin savdo zonasi Xitoy singari davlatlar bilan raqobatda qo’l keladi.

Davlat kotibi Jon Kerri Parijda biznes yetakchilar oldida so’zlagani bejiz emas. Germaniya va Britaniya tashabbusni qo’llab-quvvatlayotgan bo’lsa, Fransiya loyihaga unchalik xayrixoh emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG