Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston munosabatlari iliqlashishi mumkin


O'zbekiston delegatsiyasi Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan muloqot qilmoqda.

O'zbekiston delegatsiyasi Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan muloqot qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan strategiyasini qayta ko'rib chiqishga hozirlanmoqda. Bu haqda Bryusselda “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” doirasida o'tgan navbatdagi muzokarada gaplashilgan.

Mintaqa tashqi ishlar vazirlari Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan iqtisodiy, sarmoyaviy va xavfsizlik sohalarida o'zaro hamkorlikni kuchaytirishni muhokama qilgan. Muloqot doirasidagi navbatdagi uchrashuvni O'zbekistonda o'tkazishga kelishilgan.

Ekspertlarga ko'ra, inson huquqlari masalasida Karimovdan islohotlar talab qilib kelgan Yevropa Ittifoqi yangi hukumatga bu borada imtiyozlar berishi mumkin.

Bryusselda 4-oktabr kuni o'tgan “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” uchrashuviga doir O'zbekiston delegatsiyasi tomonidan tarqatilgan ma'lumotga ko'ra, Yevropa komissiyasi Vitse-prezidenti Federika Mogerini Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqi uchun alohida ahamiyat kasb etishi, tomonlarning o'zaro hamkorligida ishlatilmay qolayotgan imkoniyatlar ko'pligi haqida gapirgan.

Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Yevropa Ittifoqi mintaqaga nisbatan strategiyasini qayta ko'rib chiqishga hozirlanayotganini va bunda har bir davlatning o'ziga xos tomonlari hisobga olinishini ma'qullashgan.

Yevropa Ittifoqi 2017-yilda qayta ko'rib chiqishni rejalayotgan bu strategiyadagi o'zgarishlarni esa shu yili Toshkentda o'tishiga kelishilgan “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” muloqotining navbatdagi uchrashuvlari doirasida kuzatish mumkin bo'ladi.

O'zbekiston Yevropaning qator davlatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikka ega, bu munosabatlarda Yevropa Ittifoqi bilan bo'lgani kabi inson huquqlariga diqqat qaratilmagan.

Bryussel sobiq prezident Islom Karimov davrida inson huquqlari yuzasidan tanqidiy bayonotlar bildirib kelgan. Tashkilotning Karimov vafotidan keyin O'zbekistondagi vaziyat yuzasidan biror munosabat bildirgani hozircha kuzatilgani yo'q.

Ekspertlarga ko'ra, Yevropa Ittifoqi mintaqa davlatlarining o'ziga xosliklarini inobatga olgan yangi hamkorlik strategiyasida O'zbekiston kabi davlatlarga yon berishi mumkin.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko'ra, Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan hamkorlikda ayrim imtiyozlarni qo'llashga hozirlik ko'rmoqda. Xususan, to'qimachilik mahsulotlariga qo'yilgan taqiq olib tashlanishi mumkin. Ammo bu taqiqning sababi mamlakatdagi majburiy mehnatga hamon chek qo'yilmaganidir.

“Mening bilishimcha, hozir Yevropa parlamentida yana O'zbekiston to'qimachilik mahsulotlarini dunyo bozoriga sotish imkoniyatini beruvchi protokol muhokamaga chiqmoqda. O'zbekiston paxta xomashyosini mamlakatning o'zida qayta ishlab, to'qimachilik mahsulotlari hajmini kengaytirishga harakat qilayapti. 2011-yilda Yevropa parlamenti Yevropa Ittifoqining bu protokolni tasdiqlash haqidagi murojaatini rad etgan edi. Bunga asosiy sabab qilib esa O'zbekistondagi majburiy mehnat ko'rsatilgan. Hozir nazarimda Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga imtiyozlar berish niyatida. Mamlakatdagi vaziyatda esa biror narsa o'zgarmagan. To'g'ri, bolalar mehnatiga chek qo'yildi, ammo majburiy mehnat keng ko'lamda davom etmoqda”, - deydi Alisher Ilhomov.

Yevropa parlamenti tomonidan bu hujjatning tasdiqlanishi O'zbekiston to'qimachalik mahsulotlarining Yevropa bozoriga kirishini osonlashtirishi, soliq bo'yicha, kvotalar bo'yicha imtiyozlar berishi mumkin.

“Muammo nimada, muammo bu mahsulotni ishlab chiqarishda majburiy mehnatdan foydalanishda. Bu narsa Yevropa qonunchiligiga ham to'g'ri kelmaydi. Ammo gap masalaga yondashishda qonunchilik ustuvor bo'ladimi yoki siyosiy manfaatlarmi, degan savol ustida borayapti. Yevropa Ittifoqi O'zbekistondagi inson huquqlariga, majburiy mehnatga ko'z yumishi mumkin, degan xavotir mavjud. Karimov vafotidan keyin kutishda, noaniqlikda turgan munosabatlar qayta ko'rib chiqilishi mumkin. Yevropa Ittifoqida shunday umid bor. O'zbekistondan bunga qanday javob bo'lishini aytish esa qiyin”, - deydi Ilhomov.

Islom Karimov davrida Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy aloqalar, xususan, oliy tashriflarga doir munosabatlar deyarli to'xtatilgan edi. Marhum prezidentning Chexiyaga rejalangan so'nggi rasmiy tashrifi ham inson huquqlari faollarining noroziliklari ortidan bekor qilingan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG