Yevropada ishsiz yoshlar ko'p

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi yoshlar orasida ishsizlikni kamaytirish bo’yicha jiddiy choralar ko’rish taraddudida. Ittifoqning 28 a’zo davlatida 24 yoshgacha bo’lgan fuqarolarning qariyb uchdan biri ishsiz ekani aytiladi. Bu kattalar orasidagi ishsizlik darajasidan ikki barobar ko’p.

Seshanba kuni Fransiya prezidenti Fransua Olland Parijda Yoshlar ishsizligi sammitini tashkil etdi. Avvalroq Germaniya kansleri Angela Merkel ham shunday forumga mezbonlik qilgan edi.

“Bu yerda uzoq yillar ishsizlikdan aziyat chekayotgan avlod kelajagi haqida gap ketmoqda. Iqtisodiy inqiroz oqibatida bu avlod kelajak haqida yanada umidsizlikka tushgan”, - dedi Fransiya rahbari.

Prezident Ollandning aytishicha, hozir Yevropada olti million yosh ishsiz. Fransiyaning o’zida ishsizlik darajasi 11 foiz bo’lib, bu borada ahvolni yaxshilay olmagani uchun Ollandning reytingi keskin tushib ketgan.

Germaniya kansleri Angela Merkelga ko’ra esa, iqtisodiy o’sishni ta’minlamasdan turib yangi ish o’rinlarini yaratib bo’lmaydi.

“O’sish yanada yaxshiroq bo’lishi uchun barcha zarur choralarni ko’ryapmiz. Chunki taraqqiyotsiz yangi ish o’rni yaratilmaydi. Bundan aziyat chekadiganlar, asosan, yosh odamlar bo’ladi”, - deydi Merkel.

Germaniya kanslerining aytishicha, ittifoqning eng katta muammosi aynan yoshlarning ishsizigi bo’lishi mumkin. Berlin sammitida kelasi ikki yil davomida yoshlar orasida ishsizlikni kamaytirish uchun 8 milliard dollar sarflashga kelishib olindi. Ammo yoshlar huquqi faoli Juzeppe Porkaroning aytishicha, muammoni bartaraf etish uchun bu mablag’ kam.

“Olti milliard yevro yetarli emas. Samarali biror ish qilish uchun kamida 21 milliard yevro kerak. Yevropa darajasida ko’proq sarmoya kiritishni talab qilamiz”, - deydi u.

Ko’plab tashkilotlar fikricha, yoshlar orasidagi ishsizlik faqat iqtisodiy muammo emas. Belgiyada joylashgan Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Tibo Veberga ko’ra, masalaning ijtimoiy ildizlariga etibor qaratish kerak.

“Biz faqat byudjet uchun emas, balki ish bilan ta’minlash kabi ijtimoiy masalalar uchun ham mas’uliyatni o’z bo’yniga oladigan ko’proq ijtimoiylashgan Yevropa qurilishi tarafdorimiz”, - deydi u.

Yoshlar orasidagi ishsizlik a’zo davlatlar iqtisodiyotining notengligi bilan ham bog’liq. Ispaniyada 25 yoshdan kichik aholining yarmidan ko’pi ishsiz. Gretsiyada bu raqam 60 foizga yaqin. Yevropaning eng kuchli iqtisodiyotiga ega Germaniyada esa yoshlar ishsizligi faqat sakkiz foizni tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG