Tojikiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi mumkinmi?


Dushanbe bozorlarida

Dushanbe bozorlarida

Rossiya, Qozog’iston va Belarus o’rtasida imzolangan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi keng muhokamada. 170 milliondan ortiq aholini o’z ichiga olgan yangi ittifoqqa yaqin kelajakda Qirg’iziston, Armaniston va Ozarbayjon ham qo’shilishi kutilmoqda.
Rossiya siyosatdoni Igor Shuvalov Ostonada ittifoqga qo’shilgan uch mamlakat imkoniyatlari haqida shunday deydi:

“Qozog’iston, Belarus va Rossiya fuqarolari xuddi bir mamlakat fuqorolaridek ko’riladi. Tovar, ishchi kuchi, moliya bir maydondagidek harakat qiladi, turfa biznes uchun hech qandy cheklovlar bo’lmaydi”.

Iqtisodchi degan diplom olib, ishsiz o’tirgan Soliha Abdulloeva fikricha, Tojikiston bu ittifoqqa hali-beri qo’shila olmaydi.

“Biz buni juda istasak ham qo'shilishimiz oson bo’lmaydi. Birinchidan, bizning umumiy chegaramiz yo’q. Ikkinchidan, kuzatishimcha, Ostonada birorta vakilimiz aqalli mehmon bo’lmadi, biz yana chekkalanib qoldik. O’ylashimcha, hatto Qirg’iziston qo’shilganda ham bizning unga kirishimiz oson bo’lmaydi, Rossiya bizdan yana biror narsa talab qilsa kerak”.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Qozog’itondagi uchrashuvda yangi iqtisodiy ittifoqda Ukrainaning yo’qligi haqida gapirdi:

“Afsuski, bu yuk Ukrainaga og’irlik qildi. Lekin Ukraina rahbariyati ertami-kechmi o’z xalqi baxti qaerda ekanligini tushunib etadi deb ishonaman”.

Tojik iqtisodchisi Xo’jamahmad Umarov Tojikiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga hozircha a’zo bo’lomasada, kelajakda albatta unga qo’shilishiga shubha qilmaydi.

Boshqa bir yosh mutaxassis Feruz Shohin o’zgacha fikrlaydi. Uningcha, Tojikiston hukumati Rossiya yetakchilik qilayotgan har qanday ittifoqdan chetda turgani ma’qul.

Chunki, deydi u, Moskva hamma vaqt Tojikistonni pastga urib kelgan, biror katta manfaat ko’rmaguncha o'ziga yaqinlashtirmagan.

Ishsizlik sabab uyda o'tirgan Soliha rus tahlilchilari fikrlaridan saboq olish kerak deydi.

“Rus ekspertlari yangi ittifoq haqida gapirarkanlar, ozarbayjon va qirg'izlarni tilga oladiyu, Tojikistonni yodga keltirmaydi. O’ylashimcha, Moskva haligacha bizlarni ahmoq qilib kelmoqda. Isbotlab berolmaymanu, ammo Tojikistonda biron hodisa yuz bersa, eslab ko’rsak, albatta ruslar oldindan bilgan bo’lib chiqadi. Ular biror manfaat ko’rmasalar, na o’zlariga yaqinlashtiradi na kirib keladi, hammasi oddiy arifmetikadek gap”.

О’z ismi oshkor bo’lishini istamagan mahalliy bir o’zbek iqtisodchining ta’kidicha, Qozog’istonda haqiqatdan ham juda muhim va ahamiyatli hujjat imzolangan.

Ammo ishqilib oxiri baxayr bo’lsin, deydi u, endi Qozog’istonda biror katta o’zgarish kutish mumkin bo’ladi, chunki bu kabi yirik siyosiy-iqtisodiy shartnoma izsiz ketmaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG