Breaking News

Yevropada qarz inqirozi: Umumiy valyuta kelajagi savol ostida


Yevropada qarz inqirozi: Umumiy valyuta kelajagi savol ostida
Yevropada qarz inqirozi: Umumiy valyuta kelajagi savol ostida

Estoniyada 2011-yildan boshlab yevro muomalaga kiritildi. Pullarini yangisiga almashtirish uchun fuqarolarga bir yil muddat berilgan.

Bu davr mobaynida, ham eski, ham yangi valyutadan birdek foydalanish mumkin. Estoniya yevrozonaga qo’shilayotgan 17-davlat. Sobiq Sovet o’lkalari orasida esa birinchi.

Aksar estonlar “endi G’arb dunyosining to’laqonli a’zosimiz”, deya faxrga to’la. Biroq yevroning umumiy valyuta sifatidagi kelajagi savol ostida.

Estoniya poytaxti Tallinda yangi yil dunyoning boshqa burchaklarida bo’lgani kabi katta shodiyonlar bilan kutib olindi. Yevrozonaning eng yangi a’zosi ikkinchi 10 yillikda umidga to’la, ayniqsa iqtisodiyot bobida.

Salkam 1,5 million aholiga ega Estoniya uchun eski valyuta krundan voz kechib, yevroga o’tib olish to’g’ri qarormidi? Ayrimlar “yo’q” deya javob beradi.

Oddiy xalq uchun narx-navo ko’tarilmasa bo’lgani. Estoniya shundoq ham krizisdan qattiq zarba yedi, deydi fuqarolar. Ishsizlik ayni damda 16 foizdan oshiq.

Yevrozonadagi muammolar, ayniqsa Gretsiya, Ispaniya va Portugaliya boshdan kechirgan bo’hron ayrim davlatlarni hushyor torttirdi. Polsha, Chexiya va Vengriya uchun unga kirish avvalgidek ustuvor masala emas.

Polsha rasmiylari “hududda tartib o’rnatilsa bu haqda o’ylab ko’ramiz” deydi. Chexiya ham uzoqni ko’zlagan holda ish ko’rmoqchi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban deydiki, qit’adagi so’nggi o’zgarishlarni hisobga olib, uning mamlakati a’zolikni 10 yil orqaga surishga qaror qilgan.

Sabab, deydi mutaxassislar, yevroning qiymati tushib bormoqda. Sharqiy Yevropada umumiy bozor sarmoya-kapital fondlariga yo’l ochishiga, qarz olish osonlashishiga ishonch past.

“Lekin yevrodan voz kechmaymiz”,- deydi Vengriya Tashqi ishlar vaziri Janosh Martoni. Bu davlat yangi yildan Yevropa Ittifoqi raisligini qo’lga oldi.

“Yevropaning yagona valyutasi kuchsizlanishi nafaqat a’zo davlatlarga, balki hammaga birdek ta’sir ko’rsatadi. Ittifoqning qudrati, siyosiy-iqtisodiy salohiyati uning valyutasi qanchalik kuchli ekaniga bog’liq”.

Olli Reyn, Yevropa Ittifoqining iqtisod va bank-moliya siyosati bo’yicha komissari. Uning qayd etishicha, qarz botqog’idan chiqish oson bo’lmaydi.

“O’tgan 10 yil yevroni dollarga muqobil, raqobatbardosh valyuta sifatida vujudga keltirish bilan o’tdi. 2011 yil va undan keyingi davrda asosiy e’tibor yevrozonani isloh qilishga qaratamiz”, - deydi u.

Estoniyada yevro yangi yil kechasi soat millari 12 ni urganda, muomalaga kirdi. Rasmiylarning ishontirib aytishicha, bu Estoniyaga ko’proq xorijiy sarmoya, taraqqiyot olib keladi.

“Sovet Ittifoqi parchalanganiden beri mamlakatimiz katta yo’lni bosib o’tdi. Endi yevrozonaning bir bo’lagimiz. Yangi valyuta qo’shnilar bilan savdo-sotiq, tijoratni rivojlantirishiga ishonamiz”, - deydi estonlar.

XS
SM
MD
LG