Yevropa Ittifoqi arab davlatlari bilan terrorga qarshi kurashmoqchi

  • Amerika Ovozi

Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Federika Mogerini bilan hamkorlik xususida Bryusselda shartnoma imzolamoqda, 19-yanvar, 2015-yil

Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Federika Mogerini bilan hamkorlik xususida Bryusselda shartnoma imzolamoqda, 19-yanvar, 2015-yil

Yevropa Ittifoqi rahbarlari arab davlatlarini terrorga qarshi kurashda hamkorlikka chaqirmoqda. Dushanba kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari majlisida Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy ham qatnashgan. Shveysariyadagi yillik Jahon iqtisodiy forumida ham global terrorizm xavfi muhokamada bo’ladi.

Qator mamlakatlarda musulmonlar Fransiyaning “Sharli Ebdo” jurnalida Muhammad payg’ambarga chizilgan karikaturalar va ularni qo’llab-quvvatlaganlarga norozilik bildirib, ko’chaga chiqdi.

Rossiyaning Checheniston Respublikasida salkam bir million odam namoyish qildi. Ular poytaxt Grozniy markazidan o’tib, satirachilarni qoraladi.

Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov musulmonlarni provokatsiyaga berilmaslikka chaqirdi.​

"Mamlakatimizdagi vaziyatni izdan chiqarishda musulmonlardan foydalana olishmaydi. Musulmonlar hamisha Rossiyaning ishonchli himoyachilari bo’lib kelgan. Bugun ham yurtimizning istalgan dushmaniga qarshi turamiz", - dedi Qodirov.

Parijdagi xurujlar 17 odamni hayotdan olib ketgandan so’ng Yevropa davlatlarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi, terrorchilarning kichik, yashirin guruhlari qidirilmoqda, ularning xorijdagi aloqalari tekshirilyapti.

Fransuz politsiyasiga ko’ra, terrorchilarga qarshi samarali kurashish uchun huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish kerak.

"Fransiyada jinoyatchilar bo’yicha ma’lumotlar bazasi 10 yilga eskirgan. Bilasizmi nega? Chunki politsiyaning turli boshqarmalari unga kirolmaydi, undagi ma’lumotlar muntazam ravishda yangilanmaydi. Kerakmas ma’lumot ko’p, keraklisini topolmaysiz", - deydi politsiyachilar kasaba uyushmasi rahbari Filip Kapon.​

Dunyo bo’ylab terror xurujlarida G’arbga qaraganda musulmon davlatlarida ko’p odam nobud bo’lgan. Yevropa Ittifoqi Arab Ligasiga terrorga qarshi kurashda hamkorlik taklif qildi.

"Yolg’iz Parij tahdid bilan yuzlashayotgani yo’q. Terror xavfi musulmon mamlakatlardan dunyoning boshqa joylariga ham tarqalmoqda, shunga hamkorligimizni kuchaytirishimiz kerak”, - deydi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Federika Mogerini.​

Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiyning aytishicha, tashkilot radikal mafkuralarni qo’porishda hamkorlikka tayyor. Biroq, deydi u, arab mamlakatlari islomiy jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlarda qatnashmaydi.

"Arab Ligasi ittifoqlarga qo’shilmaydi, qurolni ishga solish niyati yo’q. Muammoga yondashuv keng ko’lamli bo’lishi kerak: falsafiy, iqtisodiy, diniy, ma’rifiy, matbuotda, maktablarda. Kurashni hamma sohalarda olib borish kerak va biz shunday qilyapmiz. Masalaning harbiy tomoni bilan ishimiz yo’q”, - deydi Arabiy.​

Shveysariyaning Davos shahrida boshlanayotgan yillik an’anaviy iqtisodiy forumda ham terrorizm muhokama qilinadi.

"Bir mamlakat terrorni yenga olmaydi. Unga qarshi xalqaro darajada hamkorlik orqali kurashish kerak”, - deydi forum asoschisi Klaus Shvab.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG