Jangarilarga qarshi va jangarilar safida jang qilayotgan chechenlar

  • Amerika Ovozi

"YouTube" orqali tarqalgan videodan olingan Al-Shishaniy tasviri. 2015-yil aprel.

"YouTube" orqali tarqalgan videodan olingan Al-Shishaniy tasviri. 2015-yil aprel.

Yevropada shimoliy kavkazlik bir necha yuz ming odam yashaydi. Aksariyati musulmon. Bu jamoaning yuzlab a’zolari Yaqin Sharqqa borib, “Islomiy davlat” saflariga qo’shilgan. Ayrimlari halok bo’lgan yoki jarohat olgan, boshqalari esa yuqori lavozimlarga erishgan.

“Tahlilchilar fikricha, chechen jangarilari harbiy tajribaga ega, ular Chechenistondagi ikki urushda qatnashgan. Shu bois chechen jangarilari ekstremistik guruhlarda yetakchi mavqega ega”, - deyiladi AQSh Kongressining yaqinda chiqarilgan hisobotida.

Unga ko’ra, Yevropa Ittifoqining 5000 fuqarosi Suriya va Iroqqa ketgan.

“Islomiy davlat” zaiflashgani sari bu jangarilarning Yevropaga qaytishi xavotir uyg’otmoqda. Ayni vaqtda terrorchilar G’arbda xurujlarni ko’paytirishga urinyapti. Bryusseldagi teraktlardan so’ng o’tkazilgan tergovdan ma’lum bo’lishicha, Yevropaga Yaqin Sharq yoki boshqa hududdan ko’chib borgan odamlarning farzandlari terrorizmga qo’l urmoqda.

Chechenistondan Suriya jang maydonlarigacha

Rossiya siyosatidan norozilik hozirda Yevropada yashayotgan chechenlar va boshqa shimoliy kavkazliklarni “Islomiy davlat”ga qo’shilishga undamoqda, deya fikr bildiradi norvegiyalik mutaxassis, “Yevropada islomiy terrorizm” kitobi muallifi Petter Nesser.

“Ko’plarining oilasi chechen urushlarida yaqinlarini yo’qotgan, Rossiya hukumati tomonidan ta’qib qilingan. Yevropadagi jihodchilar ularni yollayotganda bundan foydalanadi, Yaqin Sharqqa borishga undaydi. Suriya va Iroqda jang qilayotgan yoki halok bo’lgan chechen mujohidlarini qahramon deb ko’rsatadi”, - deydi Nesser.

Rossiyaning 19-asrda Shimoliy Kavkazni bosib olishi natijasida aholining bir qismi Usmoniylar imperiyasi hududiga qochdi. Kavkazliklarning Yaqin Sharqdagi jamoasi shu tariqa vujudga kelgan. Bugunda ularning soni bir necha millionga teng bo’lib, ba’zilari turli ekstremistik guruhlar safida Assad rejimiga qarshi kurashmoqda.

20-asrdagi ikki chechen urushi natijasida shimoliy kavkazliklar G’arbiy Yevropa va AQShga ko’chdi.

Yevropada yashaydigan chechenlar soni 200 ming atrofida, deydi AQShga qarashli Jeymstaun jamg’armasining Parijdagi vakolatxonasi tahlilchisi Mairbek Vatchagayev.

Ularning qanchasi Yaqin Sharqda jang qilayotgani noma’lum. Biroq taxminlarga ko’ra, ekstremistik guruhlarga yollanayotganlar orasida chechenlar ko’p. Vatchagayevning taxminicha, “Islomiy davlat” va al-Nusra fronti guruhlarida jang qilayotgan har bir chechen qo’mondonining qo’lida 250 chechen jangarisi kurashayotgan bo’lishi mumkin.

Yevropadan Yaqin Sharqqa birinchi bo’lib eng ziyoli chechenlar borgan, ular jihod g’oyasiga ishonardi, deydi mutaxassis.

“Ular o’qimagan, miyasi aynigan kambag’al yoshlar emas edi, aksincha, ziyolilar toifasiga mansub odamlar edi”, - deydi Vatchagayev.

Nesser fikricha, Chechenistonda vaziyat barqarorlashgach, ko’plab jangarilar Yaqin Sharqqa yo’l oldi.

Al-Shishaniy misoli

Ekspertlarga ko’ra, Yevropadan Yaqin Sharqqa borganlarning aksariyati chechenlarning Suriyadagi “Jaysh al-Muhojirin va al-Ansar” guruhiga qo’shilgan.

“Chechenlar o’ziga tanishlarni qidiradi, bir millatga mansub va bir tilda so’zlashadigan odamlar birlashgan hududlar ularga ma’qul keladi”, - deydi Nesser.

“Jaysh al-Muhojirin va al-Ansar” guruhiga avval Abu Umar al-Shishaniy (Gruziyada tug’ilib, gruzin armiyasida xizmat qilgan chechen va gruzin millatiga mansub Tarxan Batirashvili) boshchilik qildi. So’ngra u “Islomiy davlat”ning yetakchilaridan biriga aylandi.

Uni mard deb bilgan ayrim chechenlar Batirashviliga ergashdi.

Al-Shishaniy mart oyida AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari havo hujumlari oqibatida o’ldirildi.

Biroq Vatchagayev terrorchining o’limiga ishonmaydi.

“Al-Shishaniyning doim u bilan birga bo’lgan ukasi Gruziyaga, Pankisi hududiga otasini ko’rishga tez-tez borib turadi. Tarxan haqiqatan ham o’lgan bo’lsa, qishloqda janoza o’qilib, muayyan marosimlar o’tkazilishi kerak edi. Ammo bunday bo’lmadi”, - deydi mutaxassis.

Ekspertlarga ko’ra, Al-Shishaniyning o’limi tasdiqlansa, guruh ichida urush chiqishi mumkin. Chechenlar uning o’rniga o’z millatiga mansub birining tayinlanishini talab qiladi. Aks holda ular guruh yetakchilariga qarshi chiqishi hech gap emas.

Shimoliy kavkazlik jangarilarning aksariyati “Islomiy davlat” tarafida jang qilayotgan bo’lsa, ayrimlari ham Assad rejimiga qarshi, ham jihodchilarga qarshi kurashmoqda.

Bunday guruhlardan biri “Shomdagi Kavkaz Amirligi” (Shom - Suriyaning eski nomi). U 2007-yilda Rossiyada tuzilgan Kavkaz Amirligi asosida shakllangan bo’lib, 2012-yilda Rossiya qo’shinlari tomonidan deyarli yo’q qilingan.

“Bu guruh a’zolari “Islomiy davlat”ga nafrat bilan qaraydi, ular bir-biriga dushman”, - deydi islomiy terrorizm bo’yicha ekspert Joanna Parasyuk. “Ular uchun eng katta dushman – Rossiya”.

Ortga qaytayotganlar

Yevropada yashab, so’ngra Suriyada jang qilgan chechenlarning aksariyati o’sha yerda halok bo’ldi. Ayrimlari esa umidlari puchga chiqib ortga qaytmoqda, chunki ular avvalgi jihod haqidagi tasavvurlari va mavjud vaziyat o’rtasidagi tafovutni anglab yetyapti. Ular ekstremistlarga qarshi eng samarali tashviqotchilarga aylandi.

“Ortga qaytganlarning hikoyalari yevropalik chechenlarni “Islomiy davlat” safiga qo’shilmaslikka undaydigan eng katta omil”, - deydi Vatchagayev.

Hozirda Yevropadan Suriyaga ketayotgan chechenlar ancha kamaygan.

Ortga qaytganlar huquq-tartibot organlari va xavfsizlik xizmatlari tomonidan doim kuzatib turiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG