Breaking News

Yevropa: Klinton prezident bo'lsin


Yevropa davlatlari rahbarlari AQShd kim hokimiyatga kelishini istaydi?
Yevropa davlatlari rahbarlari AQShd kim hokimiyatga kelishini istaydi?

Yevropa bo'ylab o'tkazilgan so'rovlar natijasiga ko'ra, ko'pchilik Amerikada hokimiyatga demokrat Hillari Klinton kelishini istaydi. Hukumatlar uchun Oq uyni kim egallashi juda muhim. AQSh global tinchlik va farovonlik garovi, deydi Vashingtonda kuchli rahbar o'tirishini xohlayotgan yevropaliklar.

Respublikachi nomzod Donald Trampning tarafdorlari ham talaygina. Immigrantlarga qarshi turib, Germaniya, Fransiya va Britaniyada Yevropa Ittifoqiga qarshi targ'ibotchilar va ularni quvvatlayotganlar nazarida Tramp prezident bo'lsa, Amerika "ancha tartibga keladi".

Yevropa siyosat ahli Klinton tomonda

“Atlantika okeanining ikki tomoni bir-biri bilan yaqindan ishlashi uchun AQShga Klintondek rahbar kerak",- deydi Germaniya Kansleri Angela Merkel.

Klinton Yevropaga xos liberalizmni qo'llovchi lider, deydi siyosatdonlar. Demokrat nomzod erkin savdo, kuchli NATO, kuchli ijtimoiy himoya, kuchli Yevropa Ittifoqi singari maqsadlar sari olg'a qadam tashlashga undab kelayotgan arbob.

“Birgalikda yangi asrni yutuqlar davri sifatida shakllantirishimiz kerak", - deydi Italiya Bosh vaziri Matteo Renzi. “Erkinlik - asosiy maqsad. Ilm, imkoniyatlar, farovonlik, ishonch, hamkorlik ... Biz shuni istaymiz".

Trampni yoqlovchi yevropaliklar fikricha Yevropa Ittifoqi davlatlarning suverenitetiga tahdid. Kichik davlarning ovozini hech kim eshitmaydi; bloklar qudratli mamlakatlar uchun qurol, strategik vosita, deydi ular.

“Yevropa Ittifoqi bizni boyitishi kerak edi. Qani boylik?", - deya so'raydi bir yevropalik.

"Xitoy hamma yerda... Uning sarmoyasiga muhtojmiz. Boqimanda ko'p. Kapitalizm qani?"

Oylik kam, hayot tobora qimmat, deya noliydi odamlar, integratsiya Yevropani qashshoqlikka yetaklamoqda.

Vengriya rahbari Viktor Orban
Vengriya rahbari Viktor Orban

Tramp prezidentlikka kelishini istayotgan siyosatchilardan biri Britaniyaning Mustaqillik partiyasi yetakchisi Nijel Faraj bo'lib, uning ta'biricha, Klinton biror katta o'zgarish qilishga qodir emas.

Vengriya rahbari Viktor Orban ham Tramp tarafida. Terrorizmga qarshi kurashni musulmonlarni qattiq nazorat qilishdan boshlash kerak, deydi Orban. Tramp ham shu fikrda. Immigrantlarni keskin ravishda elakdan o'tkazish lozim, deydi bu arboblar. Ular orasida terroristlar, islom niqobi ostida kirib kelayotgan qora niyatli odamlar bo'lishi mumkin, deydi Tramp.

Yevropa nimadan manfaatdor?

Ko'plab siyosatshunoslar tahlilicha, liberalizmga asoslangan jamiyatlar inqirozda. G'arb zamon mashaqqatlariga chidamli tuzumlardan iborat ekanini isbotlashi kerak. Bunda esa Amerika yetakchilik qilishi zarur.

Fransiya Prezidenti Fransua Olland deydiki, Oq uyni kim egallashi nafaqat yaqin kelajak balki uzoq muddatda ham chuqur ahamiyat kasb etadi. Ijobiy burilishlar qilish kerak, deydi u, global muammolar haqida gapirar ekan.

Qochqinlar, urushlar, nochorlik, tinchlik va taraqqiyot - bu masalalarni hal etish uchun dunyoga irodasi kuchli Amerika kerak, deydi Olland. Shu bois ham 8-noyabrgi saylov faqat AQShniki emas, butun dunyoniki.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG