Yevropada saylovlar natijasini terror vahimasi hal qilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Germaniyada qochoq va muhojirlarga qarshi kayfiyat

Germaniyada qochoq va muhojirlarga qarshi kayfiyat

"Islomiy davlat" to'dasi Suriya va Iroqda chekinishga majbur bo'layotgan bir paytda jihodchilar xavfi Yevropada mahalliy va mintaqaviy saylovlarda hal qiluvchi omilga aylanmoqda.

Ayrimlar nazarida Avstriya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiyada saylovoldi muhitda siyosatchilarning vahimali chiqishlari jihodchilarga qo'l kelishi mumkin. Islomni xavf deya ta'riflayotgan siyosatchilar aynan jangarilar safi kengayishiga turtki berishi hech gapmas, deydi ular.

Yevropa bo'ylab terrorizm xavfi va vahimalar zo'raygan bir sharoitda xavfsizlik va erkinlik o'rtasida muvozanat masalasida bahslar ham kuchaygan.

Yakshanba kuni Germaniyada uch yil oldin tuzilgan aksil-immigrant ruhdagi partiya mahalliy saylovlarda salmoqli ovozlarni qo'lga kiritdi. Bir yil oldin Germaniya Kansleri Angela Merkel mamlakat chegaralarini qochoqlarga ochishga ruxsat bergan edi. Viloyatlar uchun poygada Muqobil Germaniya nomli bu partiya kanslerning Xristian demokratlar partiyasini uchinchi o'ringa surib chiqardi.

Yevropa siyosatining kelajagi

Germaniyada muxolif partiya ildamlashi ketidan murosaga moyil hukmron partiyalar hokimiyatda qolish uchun o'z siyosatida o'zgarish qilishi, xavfsizlik va muhojirlarga doir yondashuvini keskinlashtirishi mumkin.

Bu esa Yevropa siyosatida tub o'zgarishlar qilishi, Yevropa Ittifoqi va Britaniya o'rtasida muzokaralarda o'zgarish yasashi hech gapmas. Britaniya ahli iyul oyida o'tgan referendumda ittifoqni tark etishga ovoz bergan edi.

Yevropa bo'ylab immigrantlarga qarshi bunday kayfiyat ayniqsa musulmon va boshqa din ahli o'rtasida rishtalarda aks-sado berishi aniq. Fransiyada, xususan, saylovoldi mavsumda qator kurort shaharlar hokimlari "burkini", musulmon ayollar cho'milish uchun kiyadigan maxsus libosni man qilish harakatida.

Tahlilchilar bunday yondashuv musulmon aholini, ayniqsa, yoshlarni bezdirib qo'yishi, ziddiyatni kuchaytirishi mumkin deya ogohlantiradi. Jihodchilar esa G'arbning vahimasini o'z maqsadlarida qo'llashi muqarrar, deydi ular.

Dinlararo urushni izlayotganlar

Amerikalik olim Skott Atran deydiki, "Yevropada jihodchilar musulmonlar va boshqa din vakillarini urishtirishni ko'zlaydi; boshqa e'tiqod vakillari terror xavfidan tobora hayiqib, musulmonlarni chetlashtirib, ularni jihodchilarga qo'shilishga majbur qilmoqda".

"Islomiy davlat" jangari to'dasining maqsadi Yevropadagi musulmonlarga qarshi kayfiyatni avj oldirish, dinlararo urushni boshlash.

Bu esa ish berayotgan ko'rinadi. "Pyu" tadqiqot markazi iyul oyida o'tkazgan izlanishga ko'ra, Yevropada boshqa din ahli orasida musulmon qo'ni-qo'shnilardan shubhalanish kuchli.

Germaniya, Niderlandiya, Britaniya va Shvetsiya kabi davlatlarda so'ralganlarning yarmidan ozi musulmonlarga yon bosgan. Gretsiya, Vengriya, Italiya va Polshada aksariyat aholi ham musulmon, ham qochoqlarga qarshi so'zlagan.

Italiyalik diplomat, Yevropa Ittifoqi elchisi Sem Fabritsi fikricha, terrorizm va migratsiyani bog'lashayotgani ajablanarli hol emas. Chunki qochoqlar tanazzuli Suriyadagi urush va "Islomiy davlat" tahdidiga bevosita aloqador.

Biroq migratsiya va aksil-terror siyosatini aralashtirmaslik lozim, deya ogohlantiradi u. Hamma muhojir va qochoqlarni jinoyatchiga chiqarishga shoshmaslik kerak, deydi u.

Ammo Avstriyada g'alaba qilishi taxmin qilinayotgan o'ng Erkinlik partiyasi rahbariyati aynan aksil-immigrant kayfiyatini va xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlarni qurol qilib olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG