Yaponcha "abenomika" Yevropada qiziqish uyg'otdi

  • Amerika Ovozi

Hukumatlar olg’a suradigan iqtisodiy siyosat doimo ham kutilgan natijani beravermaydi. Biror siyosatchi sharafiga atalgan muvaffaqiyatli dasturlar haqida ham ko’p eshitmaymiz. Ammo Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe yuritgan iqtisodiy model shu qadar shuhrat qozondiki, uni “abenomika” deb atashyapti. Modelga hatto Yevropa mamlakatlari ham qiziqib qolgan.


Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe yirik davlatlarning Irlandiyada bo’lib o’tgan sammiti natijalaridan mamnun. Global iqtisodga doir ikki tomonlama va ko’p tomonlama uchrashuvlarda Yaponiya olib borayotgan moliyaviy strategiyaga katta qiziqish bildirishdi, deydi u.

Tahlilchilarga ko’ra, qiziqishni, asosan, og’ir iqtisodiy ahvolda bo’lgan Yevropa mamlakatlari namoyish qilgan.

“Bunday islohotlarning qisqa muddatli samarasi yevro hududida ham juda asqatgan bo’lardi”, - deydi “Daiwa Capital Markets” yapon firmasining Yevropa bo’yicha iqtisodchisi Tobias Blattner.

Abenomikaning mohiyati nimada? Muallifning o’zi uch yo’nalish haqida gapiradi: pul siyosati, ya’ni milliy valyuta, iyena qiymatini past darajada saqlab turish; moliyaviy siyosat, xususan ko’proq pul bosib chiqarish; va nihoyat uchinchisi – davlatning iqtisod ustidan nazoratini kamaytirish va ko’proq ayollarni mehnat bozoriga jalb etish kabi dasturlarni amalga oshirish.

Bunday strategiya samara berayotganiga shubha yo’q. O’tgan yildan buyon iyena AQSh dollariga nisbatan 20 foizga arzonlashdi. Natijada Yaponiya eksporti hajmi 10 foizga oshdi. 2013-yilning birinchi kvartalida Yaponiya iqtisodi, o’rtacha yillik sur’atni oladigan bo’lsak, 4,1 foizga o’sdi.

Xo’sh, Yevropa mamlakatlari abenomikadan nusxa olsa bo’ladimi? Yaponiyalik iqtisodchi Takuji Okubo ehtiyotkorlik kerak, deydi.

“O’sishni puxta tahlil qilsangiz, yarmi davlat dasturlari hisobidan ekanini tushunasiz. Demak, Yaponiya iqtisodi hali to’liq oyoqqa turgan emas”, - deydi u.

Shu oy boshida Fransiya prezidenti Fransua Olland Yaponiyaga borganida ayrim ommaviy axborot vositalari uning abenomikani o’rganmoqchi ekani haqida yozdi. Hozir Fransiyada iqtisodiy ahvol og’ir. Olland kunchiqar yurtning iqtisodiy modelini qo’llash haqida gapirdi.

“Bizdagi vaziyat boshqacha. Fransiya yevro hududi a’zosi. Biz qo’shnilar bilan birgalikda ishlaymiz. Yaponiya esa suveren davlat sifatida o’z moliyaviy siyosatini o’zi belgilay oladi”, - deydi Olland.

Iqtisodchi Tobias Blattner fikricha, Fransiya rahbari bor gapni aytayapti.

“Hozirgi vaziyatda abenomikaga xos siyosatni Yevropaning alohida bir mamlakatida amalga oshirishning iloji yo’q. Butun Yevropa Ittifoqi doirasida qo’llash mumkindir, lekin Germaniya va Gollandiya kabi mamlakatlarda bu fikrga qarshilik bor”.

Demak, Shinzo Abening iqtisodiy modeli Yaponiyada samara berayotgan bo’lsa-da, uni hozircha eksportbop mahsulot deb bo’lmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG