Yevropa har yili millionlab qochqinga joy berolmaydi

  • Amerika Ovozi

Xalqaro terrorizm masalalarini o’rganuvchi tadqiqot markaziga ko’ra, o’tgan bir yil ichida 40 dan ziyod jihodchi qochqin maqomi ostida Yevropaga kirishga uringanda qo’lga tushgan. Ular soxta pasportlardan foydalangani aytiladi.

Germaniya ichki razvedkasi ham shu haqda ogohlantirgan. “Islomiy davlat” a’zolari qochqin maqomi ostida Yevropaga kirishga harakat qilayapti. Bir qancha davlatlar chegaralarni yopish tarafdori.

Yevropa Komissiyasining qarshiligiga qaramasdan, Avstriya kuniga 80 qochqinni qabul qilayapti, xolos. Avstriya oqimni to’xtatish uchun Makedoniya-Gretsiya chegarasiga askarlarini yuborishi ham mumkin.

“Boshpana olishga haqli bo’lmagan odamlar oqimini kamaytirish kerak”, - deydi Avstriya politsiya idorasidan Frans Lang.

Yevropa Ittifoqi bo’ylab pasportsiz, erkin harakatlanish imkonini beruvchi Shengen bitimi davom etsin desak, tashqi chegaralar nazorat qilinishi kerak, deydi Yanush Bugayskiy, Yevropa siyosatini o’rganuvchi markaz xodimi.

“Gretsiya hukumati Yevropaning ko’magi bilan mamlakatga kirayotgan qochqinlarni nazorat qilsin”, - deydi u.

Migrantlar tranzit sifatida foydalanayotgan mamlakatlar birin-ketin cheklovlar joriy etmoqda. Makedoniya va Gretsiyaga ko’ra, ayrim qochqinlar soxta pasportlar bilan ushlangan. Makedoniya mudofaa vaziri matbuot anjumanida shu haqda so’zladi.

“Himoyaga muhtoj odamlarni chegaradan o’tkazamiz, albatta. Ammo shuni ham qayd etishi kerakki, ular orasida boshqa maqsadda Yevropaga kelgan odamlar ham bor”, - deydi vazir Zoran Yolevskiy.

Yil boshidan buyon yana 100 ming qochqinni kiritgan Gretsiyaga nisbatan tanqidlar kuchli. Odamlarni nomiga tekshirib, biz tomon jo’natib yuborayapti, deya shikoyat qiladi Avstriya hukumati. Yevropa Ittifoqi hamon yaxlit strategiya bilan chiqqani yo’q.

“Nazorat kuchaytirilib, yordamga muhtoj odamlargina qabul qilinishi kerak. Yevropa har yili millionlab qochqinga joy berolmaydi”, - deydi Bugayskiy.

Ayni paytda Gretsiya qattiq bosim ostida. Yevropa vazirlari yaqinda tashqi chegaralarda tekshiruvlarni kuchaytirish bo’yicha bir qancha takliflar bitilgan hujjat qabul qildi. Ayrim davlatlar Gretsiyani Shengen zonasidan haydashga chaqirmoqda, ammo Yevropa Komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker bunga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG