Yevropada aksar chegaralar yopiq, qochqinlar arosatda

  • Amerika Ovozi

Yevropa Iittifoqi Bolqon davlatlariga qochqinlar masalasida yordam berishi lozim, deydi Yevropa Ittifoqini kengaytirish va qo'shnichilik masalalari bo'yicha komissari Yoxannes Xan.

Germaniya, Avstriya va boshqa davlatlar bir necha ming qochqinni bag'riga oldi, lekin ayni paytda aksar chegaralar yopiq. Minglab odam Vengriya, Sloveniya, Serbiya va Xorvatiya chegarasida arosatda qolgan.

Yoxannes Xan Makedoniyaga safari chog'ida masalani muhokama qildi. U olg'a surayotgan takliflardan biri shuki, qochqinlarning Yevropa tomon oqimini to'xtatish uchun Suriyaga qo'shni mamlakatlarga yordamni oshirish zarur.

Xususan, qariyb 2 million qochqinga boshpana bergan Turkiya uchun 1,1 milliard dollarga teng jamg'arma tuzaylik, deydi Yoxannes Xan.

Qochqinlar Yaqin Sharqning o'zida joylashtirilsa, bir kun kelib vataniga qaytishi ham oson bo'ladi, deydi rasmiy.

Suriyadagi urush oqibatida 4 milliondan ziyod odam mamlakatni tark etgan. Yarmi Turkiyada, milliondan oshig'i Livanda va 630 ming qochqinga Iordaniya boshpana bergan.

Bugun Avstriya yana uch ming suriyalikka chegarasini ochdi. O'z atrofini tikan simlar bilan o'rab olgan Vengriya minglab qochqinlarni Avstriya chegarasiga avtobuslarda yetkazmoqda. Xorvatiya esa kamida ming qochoqni Vengriyaga qaytargan.

Keti uzilmayotgan qochqinlarni qanday qilib joylashtirish, yopiq chegaralar, ayrim hukumatlarning ularni qabul qilishga mutlaqo qarshiligi hamda Yevropa Ittifoqi yagona yechim bilan chiqa olmayotgani davlatlar o'rtasida achchiq bahslarga sabab bo'lmoqda, ayniqsa Bolqonda.

Shu yilning o'zida 430 ming odam farovon hayot izlab, Yevropaga kirgan.

Makedoniya

Makedoniya

Vengriya

Vengriya

Sloveniya-Xorvatiya chegarasi

Sloveniya-Xorvatiya chegarasi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG