Merkel Yevropadan migrantlar bo'yicha siyosat ishlab chiqishni so'radi

  • Amerika Ovozi

Budapesht temiryo'l vokzalidagi ahvol

Budapesht temiryo'l vokzalidagi ahvol

Vengriyada poytaxt Budapeshtning asosiy temiryo'l vokzali yopilib, Avstriya va Germaniyaga ketmoqchi bo'lgan yuzlab noqonuniy migrantlar turib qolgan. Politsiyachilar Yaqin Sharq va Afrikadan G'arbiy Yevropaga qochayotgan odamlarni vokzaldan haydab, kirish yo'lini to'sib qo'ygan.

Politsiya bilan to'qnashuv kuzatilmagan. Migrantlar vokzal tashqarisida lager qurib, "Ozodlik", "Germaniya" deb hayqirgan.

Avstriya rasmiylariga ko'ra, kecha Vengriyadan poyezdda 3650 muhojir Venaga kelgan.

Vengriya mulozimlarining tushuntirishicha, Yevropa Ittifoqi qoidalariga ko'ra, tashkilotga a'zo mamlakatga kirgan migrantlar boshpana so'rashi lozim. Busiz ularni Avstriya yoki Germaniyaga o'tkazish mumkin emas.

Biroq mojaro, zulm va zo'ravonliklardan qochgan odamlarning ba'zilarida na hujjat, na poyezdga bilet sotib olish uchun pul bor.

Germaniya kansleri Angela Merkel Yevropa davlatlaridan qochqinlar bilan ishlash uchun umumiy siyosat ishlab chiqishni so'radi. Shular qatorida migrantlarni ro'yxatga olish markazlarini o'rnatish ko'zda tutilgan. Bunday markazlar Italiya va Gretsiyada o'rnatilishi mumkin, ya'ni migrantlar kirayotgan birinchi davlatlarda.

Merkelning aytishicha, ta'qib va zo'ravonlikdan qochayotganlarga Yevropada joy topiladi, biroq iqtisodiy sabablarga ko'ra kelayotganlar ortga qaytarilishi lozim.

Germaniya yil oxirigacha 800 ming qochqinni qabul qilishi mumkin. Biroq Slovakiya, Chexiya, Vengriya va Polsha Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarga migrantlarni qabul qilishda kvota o'rnatilishiga qarshi.

Migrantlar asosan zo'ravonlik va mojarolarni boshdan kechirayotgan Suriya, Afg'oniston, Eritreya va Nigeriyadan.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius Sharqiy Yevropa davlatlarini muhojirlarga nisbatan qo'pol siyosatda ayblab, amaliyot Yevropa Ittifoqi qadriyatlariga zid ekanini ta'kidladi. Vengriya migrantlarni mamlakatga qo'ymaslik uchun Serbiya bilan chegarada to'rt metrlik to'siq qurmoqda.

14-sentabr kuni Yevropa Ittifoqi shu masala yuzasidan favqulodda majlis o'tkazadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG