"Amerika ko'proq suriyalik qochoqni qabul qilsin"

  • Amerika Ovozi

Vengriyada jon saqlayotgan qochoqlar

Vengriyada jon saqlayotgan qochoqlar

Xalqaro qutqaruv qo'mitasi raisi, Britaniyaning Leyboristlar partiyasi sobiq rahbari Deyvid Miliband AQSh va Fors ko'rfazi davlatlarini suriyalik o'n minglab qochqinlarga yordamni oshirishga undadi. Obama ma'muriyatining bildirishicha, Amerika bu tanazzul yechimi uchun salmoqli insonparvarlik va texnik yordamni uzatishda davom etayapti.

Milibandning aytishicha, Turkiya, Iordaniya va Livan kabi davlatlar suriyalik to'rt yarim million qochoqning og'irini ko'tarib kelayapti. Amerika dunyoning yetakchisi sifatida bu tanazzulga barham berishda faolroq qatnashsin, deydi u.

Urush boshlanganiga to'rt yil to'lgan bo'lsa, Qo'shma Shtatlar 1400 qochoqni qabul qilgan. BMTning hisoblashicha, kelasi yil oxirigacha 130 ming suriyalikni dunyoning har xil davlatlariga joylash kerak bo'ladi. Jahon yetakchisi sifatida bu davlat 65 ming suriyalikni bag'riga olsa ma'qul bo'lar edi, dedi Miliband.

Germaniya shu yilning o'zidayoq 800 ming odamga eshiklarini ochmoqchi. Forz ko'rfazining boy davlatlari ham qochoqlarning dardiga malham bo'lsin, deya undaydi Xalqaro qutqaruv qo'mitasi vakili.

O'tgan haftada Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest Amerika gumanitar va texnik madadni oshirganini aytgan edi.

Suriyada 2011-yilda boshlangan ixtilofda jabr ko'rganlarga 4 milliard dollarlik insonparvarlik yordami uzatildi. Bu juda salmoqli yordam va boshqa davlatlar ta'minlagan yordamdan ancha ko'p, deydi Ernest. Amerika BMTning Qochoqlar bo'yicha idorasiga ham katta ko'mak berib keladi, deya eslatadi u.

AQSh Davlat departamentining matbuot kotibi Jon Kirbi yaqinda Reyter axborot agentligiga bergan intervyusida Amerika joriy yilda yana 1500 suriyalikni, kelasi yil undan ham ko'p odamni qabul qilishi mumkin, degan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG