Yevropada norasmiy masjidlar yopilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Parijdagi masjidda xurujlardan keyin qurbonlarni xotirlash uchun odamlar yig'ildi. 20-noyabr 2015-yil

Parijdagi masjidda xurujlardan keyin qurbonlarni xotirlash uchun odamlar yig'ildi. 20-noyabr 2015-yil

Parijdagi terror xurujlari hamda Belgiya, Italiya va Germaniyada xavfsizlik choralari kuchayganidan keyin Yevropa razvedka xizmatlari va siyosatchilar ruxsatsiz faoliyat yuritayotgan yuzlab masjidlarga e’tibor qaratmoqda.

Asosan muhojirlar uyida tashkil etilgan masjidlarni o’rganish va hatto yopish kerak, degan talablar yangramoqda. Bunga javoban ayrim musulmon yetakchilar rasmiylarni diniy erkinliklarni buzayotganlikda ayblab chiqdi. Masjidlarni yopish oqibatida jihodchilar tarafdorlari ko’payishi mumkin, deydi ulamolar.

Xususan, Italiya Ichki ishlar vaziri Rimda terrorchilikka qarshi kurash doirasida litsenziyasiz ishlayotgan masjidlar ishi to’xtashini ma’lum qildi.

“Biz qonunga zid ravishda faoliyat yuritayotgan bunday joylarni yopamiz. Bu biz dinni hurmat qilmasligimizni anglatmaydi. Biroq diniy muassasalar ma’lum tartibga rioya qilishi kerak”, - dedi vazir Anjelino Alfano.

Italiya aholisining qariyb 1,5 million nafari – musulmonlar. To’rt katta masjid va 800 dan ziyod islom markazlari bor.

Musulmon yetakchilar qarordan norozi. Ularning aytishicha, mamlakatda ko’plab musulmonlar masjid yoki islomiy markaz ocha olmaydi, chunki mahalliy rahbarlar musulmonlarga qarshi, shu sababdan jamoa xonadonlarda norasmiy ravishda yig’ilishga majbur.

Yevropa mamlakatlarida masjidlar ko’p emas. Masalan, Germaniyada to’rt milliondan ziyod musulmon uchun 140 ta masjid bor. Britaniyada salkam 200 masjid faoliyat yuritadi, vaholanki bu mamlakatda uch million musulmon yashaydi.

Gretsiya musulmonlari uzoq yillardan buyon masjid ochishga harakat qilib keladi. Ammo Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar poytaxtlaridan farqli, 200 ming musulmon yashaydigan Afinada masjid yo’q. Gretsiya hukumati bir necha marta musulmonlar talabini qondirgan va masjid qurishga ruxsat bergan. Ammo bunga qarshilar har gal ishni sudga topshiradi va shu bois masala hal bo’lmay keladi.

Bunday vaziyatdan shikoyat qilgan musulmonlarga o’ng qanotga mansub siyosatchilar qarshi. Italiyada Roberto Annelli ismli shunday arbob musulmonlarga “qonunlarimizni yoqtirmaganlarga bir gap aytishim mumkin: o’z vataningga ket!”, dedi.

Parijdagi voqealardan keyin immigrantlarga qarshi siyosatchilarning tarafdorlari ko’paydi. Shunday arboblardan biri, Fransiyaning Milliy front partiyasi rahbari Marin Le Pen jangari islomiy tashkilotlar faoliyatini man qilib, radikal masjidlarni yopish kerak, deya da’vat etdi.

Norasmiy masjidlar esa ruxsatnoma olishi kerak, deydi Le Pen. Fransiyada 2000 dan ziyod ro’yxatga olingan masjid bor va norasmiylariga ehtiyoj yo’q, deydi u.

Norasmiy masjidlardan ko’piga radikal va hatto ekstremist qarashlarga ega imomlar boshchilik qiladi. Biroq ularga qancha odam borishini aniqlash imkoni yo’q. Shu bois bunday masjidlar ta’siri naqadar kuchli ekanini aytish qiyin.

Norasmiy masjidlarni yopishga qarshi chiqayotganlar jihodchi tashkilotlar yoshlarni asosan internet orqali yollashini aytadi. Norasmiy masjidlarni yopish va imomlarni vataniga qaytarish Parij kabi xurujlarni to’xtatmaydi, deydi ular.

Yangi tartib o’rnatish tarafdorlari orasida musulmonlar ham bor.

Fransiya Musulmon dini kengashi rahbari Anvar Kbibech imomlar faoliyat yuritish uchun davlatdan ruxsatnoma olishi kerak, degan fikrda. “Bu xuddi haydovchilik guvohnomasini olgandek gap”, - deydi u.

Fransiya qonunlarini barcha fuqaro va muhojirlar birdek hurmat qilishi kerak, deydi Kbibech.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG