AQSh-Rossiya: Yadro qurollari va kelajak

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama nazarida AQSh va Rossiya yadro qurollari miqdorini kamaytirishi kerak. Ammo bundan ham muhimrog’i – Vashington va Kreml munosabatlarini qayta tiklash, deydi tahlilchilar.
Obama yadro bombalarining uchdan bir qismini yo’q qilish haqidagi taklifini Germaniyaning tarixiy Brandenburg darvozasi oldida e’lon qildi.

“Sovuq urush davri o’tib ketdi. Yadroviy qurollarni kamaytirish bo’yicha Rossiya bilan muzokaraga tayyorman”, - dedi AQSh rahbari.

Berlinda omma bu taklifni olqishladi. Ammo muzokaralarni boshlash va ularni Senat tasdig’idan o’tkazish oson emas.

Londondan ekspert Hezer Uilyams fikricha, muloqot boshlanishining o’zi katta gap.

“Qurollar sonining kamayayotgani muhim, ammo bu arsenal nazoratiga oid eng muhim masala emas. Hozircha faqat o’zaro gaplashilmoqda. Ayni paytda AQSh va Rossiya muloqot orqali munosabatlarini yaxshilash imkoniga ega”, - deydi tadqiqotchi.

Uilyamsning aytishicha, AQSh-Rossiya muzokarasiga Hindiston kabi boshqa yadro quroliga ega davlatlar ham jalb etilishi mumkin.

Bugun to’qqiz davlat yadro quroliga ega. Ular safiga qo’shilish niyatida bo’lgan boshqa mamlakatlar bor. Rossiya muzokaraga Xitoyning ham jalb etilishini istaydi.

Ammo dunyodagi barcha atom bombalarining 90 foiziga AQSh va Rossiya egalik qiladi. Ularning aksariyati yer ostida saqlanadi. Bitta murvatni burash bilan istalgan nishonni urish mumkin.

Britaniya hukumati maslahatchisi Malkolm Chalmers deydiki, AQSh va Rossiya oradagi kelishmovchiliklarga yechim topmasa bo’lmaydi.

“Bir necha oy ichida takliflar amalga oshadi, deb aytolmayman. Bu Putinga xush kelmasligi ham mumkin. Ammo keyingi besh-o’n yilda Rossiya ham, AQSh ham buni amalga oshirishdan manfaatdor bo’ladi”, - deydi Chalmers.

Yer, havo va dengizda qo’llash uchun AQSh va Rossiyaning minglab atom qurollari bor. Ammo ikki davlatning bir-biriga qarshi ushbu quroldan foydalanishi ehtimoli juda kam.

Hezer Uilyams tahlilicha, bu muloqot ortida boshqa sabablar ham turibdi: yadro qurollarini saqlash katta xarajat.

“Rossiya, ma’lumki, jiddiy moliyaviy muammolarga yuz tutgan. Ularning yadro infrastrukturasi ham eskirmoqda. Qaysidir darajada, AQShda ham. Rossiya uchun bu qurollarni saqlash qimmatga tushadi. Shuning uchun AQShga qaraganda ular ko’proq bu bombalarning yo’qotilishidan manfaatdor”, - deydi u.

Gap faqat yadro qurollari sonini kamaytirishda emas. Shu bahona AQSh-Rossiya aloqalari ham yaxshilanadi, degan umidlar bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG