Yevropada bo'lginchilik kayfiyati kuchaygan

  • Amerika Ovozi

So’nggi kunlarda Yevropada mustaqillik tarafdorlari bo’lgan siyosiy partiyalar turli darajadagi saylovlarda g’alaba qozondi. Ko’p hollarda ularning yagona Yevropa va yevrozonadagi iqtisodiy siyosatga qarshi chiqqani saylovchilarga ma’qul keldi. Yevropa Ittifoqi rasmiylari “integratsiyani chuqurlashtirmasak, inqirozdan chiqa olmaymiz” deyishiga qaramay, aholining bir qismi bunga qo’shilmaydigan ko’rinadi.

Shotlandiyaning o’z mustaqil parlamenti bor. Hukmron Milliy partiya Buyuk Britaniyadan ajralish tarafdori. Bosh vazir Aleks Selmond tashabbusi bilan 2014-yilda shu masala bo’yicha referendum o’tkaziladi.

“G’alaba qozonishimizga ishonchim komil. Biz mamlakatning iqtisodiy va, eng muhimi, ijtimoiy jihatdan porloq kelajagini ta’minlay olamiz”.

Selmond mustaqil Shotlandiya iqtisodiyoti energetika sohasiga tayanishini aytadi.

“Yangilanadigan, muqobil energiya manbalari sohasida biz Saudiya Arabistoni bo’la olamiz”, - deydi siyosatchi.

Biroq “Scotsman” gazetasining Londondagi muxbiri Deyvid Meddoks bunday bayonotga shubha bilan qaraydi.

“Shimoliy dengiz yirik neft va gaz zaxiralariga ega, albatta. Lekin to’lanadigan soliq katta va beqaror. Kelajakda olinadigan foydani aniq hisoblashning iloji yo’q. Buning ustiga zaxiralar faqat 30 yilga yetadi, xolos,” - deydi jurnalist.

So’rovlarga ko’ra, hozirda shotlandiyaliklarning 30 foizi mustaqillik tarafdori.

Bu yerda referendum kunini belgilash Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham bo’lginchilarga umid baxsh etayotgan ko’rinadi.

Ispaniyaning Kataloniya viloyati faollari azaldan Madrid boshqaruvidan qutulishni istaydi. Ispaniya hukumati referendum o’tkazishga ruxsat bermay keladi. Kataloniya aholisi orasida mustaqillikka xayrixoh odamlar kam emas.

“Biz ham referendum kunini belgilashimiz kerak. Qancha tez bo’lsa, shuncha yaxshi”, - deydi barselonalik bir fuqaro.

Belgiyada ham mustaqillik tarafdori bo’lgan Yangi Flamand alyansi mahalliy saylovlarda g’olib chiqdi. Saylovchilar hamma gap iqtisodda, deydi.

“Bu Belgiyaning so’nggi kunlari bo’lishi mumkin. Vaziyat bunday davom etishi mumkin emas. Belgiyaning fransuzzabon janubida iqtisodiy ahvol og’ir, pulimiz o’sha yerga ketyapti”, - deydi bir odam.

London iqtisodiyot maktabi tahlilchisi Jeyms Ker-Lindsi fikricha, Yevropadagi iqtisodiy inqiroz azaliy muammolarni yuzaga chiqardi. Mustaqillik eski yaraga malham bo’lib ko’rinyapti, deydi u.

Biroq Shotlandiya, Ispaniya va Belgiyadagi hodisalar Yevropaning boshqa hududlari, ayniqsa Bolqonda bo’lginchilik kayfiyatini kuchaytirishi mumkin. Bu siyosatchi va tahlilchilar xavotiriga sabab bo’lmoqda.

“Serb Respublikasi Bosniya va Gersegovinadan ajralib chiqishi kerak, degan gaplar boshlansa-chi? Yoki Kosovo shimoli, Makedoniyadagi muammolarni oling. Bu hududlar tashvishga sabab bo’layotgani aniq,” - deydi Ker-Lindsi.

2014-yilda Shotlandiya Yevropaning yangi mustaqil davlatiga aylanadimi? Buni begilaydigan referendumni nafaqat Yevropa, balki butun dunyo yaqindan kuzatishi aniq.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG