Gretsiya va yevrozona islohotlarga kelishdi

  • Amerika Ovozi

Chorshanba kuni Germaniya parlamenti Gretsiyaga uchinchi moliyaviy yordam paketini ajratish bo'yicha ovoz beradi. Gretsiya qonunchilari va yevrozona moliya vazirlari kelishuvni qo'llab-quvvatladi, biroq muammolar ortda qoldi deyishga hali erta.

Afina va Bryusseldagi ko'p soatlik muzokaralardan so'ng tomonlar Gretsiyaga 95 milliard dollarlik moliyaviy yordamga kelishdi, biroq bitimni yevrozonaga a'zo mamlakatlar parlamentlari tasdiqlashi lozim.

Yevropa Komissiyasi parlamentlardan kelishuvni chorshanbagacha yoqlashni so'ragan. Germaniyalik qonunchilar Gretsiyani inqirozdan qutqarish rejasiga shubha bilan qaraydi. Yordam tasdiqlansa, Afinada Yevropa Markaziy bankidan olgan qarzini yopishga pul bo'ladi. 3,6 milliard dollarlik qarzni to'lashning so'nggi kuni payshanba.

Gretsiyaga kredit bergan yana bir tashkilot, Xalqaro valyuta jamg'armasi rahbari Kristina Lagardning aytishicha, moliyaviy xalos dasturi Gretsiya uchun muhim, biroq bu yo'lda hali ko'p ishlar qilish kerak.

Niderlandiya Moliya vaziri hamda Yevroguruh rahbari Yerun Deysselblum yevrozona moliya vazirlari bir qarorga kela olganidan mamnun.

“Bu keng qamrovli, yuksak maqsadlarni ko'zlovchi islohotlar paketi. Unda nafaqat Gretsiyaning moliyaviy ahvolini yaxshilab, iqtisodiy o'sishni ta'minlashga qaratilgan qadamlar aks etgan, balki raqobatni kuchaytirish uchun zarur bo'lgan strukturali o'zgarishlar, qoidalarga ham kelishilgan. Hujjat moliyaviy barqarorlikni tutib turishga, bank sektorida vujudga kelgan muammolarni bartaraf etishga ham yordam beradi", - deydi Deysselblum.

Gretsiyaga moliyaviy yordam olishda ko'maklashayotgan davlatlardan biri Fransiya bo'lib, uning Prezidenti Fransua Olland kelishuvni olqishladi. Uning aytishicha, moliya vazirlari Yevropa birdamlik va mas'uliyat tamoyillari asosida ish yurita olishini isbotladi.

Afina oldida endi murakkab islohotlarni amalga oshirish vazifasi turibdi. Shunga qaramay, Gretsiya Moliya vaziri Yevklid Tsakalotos masalaga ijobiy tomondan qaramoqda.

“Erishilgan bitim Gretsiya uchun ko'p imkoniyatlar taklif etmoqda. Shu bahonada ijtimoiy sektor isloh qilinadi, korrupsiya, soliqdan bo'yin egish kabi muammolar bilan jiddiy shug'ullanamiz, davlat tizimi muhim islohotlarga uchraydi", - deydi Gretsiya vaziri.

Yevklid Tsakalotos jarayon greklar uchun og'riqli bo'lishini, hayotini og'irlashtirishini tushunadi, shu sabab islohotlarni qanday amalga oshirish o'ta muhim, deydi u.

Kelishuv shartlarini qabul qilishga majbur bo'lgan Bosh vazir Aleksis Tsipras ham islohotlardan zarar ko'rishi mumkin, chunki partiyadoshlari orasida unga bo'lgan xayrixohlik so'nib bormoqda, saylovlar erta o'tkazilishi ham hech gapmas.

Ba'zi tahlilchilar soliqlarni oshirishga, ijtimoiy dasturlar uchun mablag'ni kamaytirishga, davlat mulkini xususiylashtirishga qaratilgan choralar iqtisodiy o'sishga yetaklashiga hamda Gretsiyaga qarzidan qutulishga yordam berishiga ishonmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG