Sayyorada harorat ko'tarilmoqda, ammo ekspertlar bu o'zgarish haqida bir fikrda emas

  • Amerika Ovozi

Sayyorada harorat ko'tarilmoqda, ammo ekspertlar bu o'zgarish haqida bir fikrda emas

Sayyorada harorat ko'tarilmoqda, ammo ekspertlar bu o'zgarish haqida bir fikrda emas

2010-yil o’tgan 131 yildagi eng issiq davr bo’lishi mumkin. Ayrim olimlarning ogohlantirishicha, 2050-yilga borib sayyora shu qadar isib ketadiki, bugungi jazirama hech gap bo’lmay qoladi. Ilmiy bahslar davom etmoqda, insoniyat esa iqlimdagi salbiy o’zgarishlar oqibati bilan yuzlashmoqda.

Bu yoz Rossiyada qattiq kelib, mamlakatning katta qismi olov ichida qoldi. Pokistonda misli ko’rilmagan yog’ingarchilik, Xitoyda esa yer ko’chishlar… Yer kurrasi isib borar ekan, deydi olimlar, bu kabi hollar tez tez uchrashi tayin.

“Yer qizigani sari atmosferada ko’proq suv yig’iladi. Borgan sari uzoq muddatli, qattiq yomg’irlarning guvohi bo’lib turibmiz. Bu esa tabiiy ofatlarga yetaklamoqda”.

Amanda Stod AQSh atrof-muhitni himoya qilish federatsiyasida mutaxassis. Tashkilot yaqinda ekstremal ob-havo mavzusida hisobot chop etdi. Aholi zich joylashgan shaharlarda harorat yil sayin ko’tarilib bormoqda, deydi u.

“Agar global isish, tabiatga chiqarilayotgan zaharli gazlar miqdori shu yo’sinda davom etsa, 2050 yilga borib bugun biz uchun issiq tuyilayotgan ob-havo o’rtacha bir kundek qabul qilinadi ”,- deydi olima.

Zaharli gazlar atmosferada karbonat angidrid miqdorini oshiradi. Bu esa yerning qizishiga olib keladi, deydi Amanda Stod.

Boshqa bir iqlimshunos Patrik Maykls esa bu fikrga qo’shilmaydi.

“Katta shaharlarda isish anchadan berib kuzatib kelinadi. Atmosferadagi karbonat angidrid miqodirining bunga aloqasi yo’q”,- deydi Maykls.

Shaharlardagi beton va g’ishtli binolar o’ziga karbonat angidriddan ham ko’proq issiqlikni tortadi. Jaziramaning asosiy sababi, deydi olim, “La Nina” deb nomlagan havo oqimidir.

Amanda Stod esa iqlimdagi salbiy o’zgarishlar insoniyat kunini ko’kka sovurayotganini eslatadi. Odamlarning sog’lig’i yomonlashib, turli-xil kasalliklar paydo bo’lmoqda. Issiqlik ekinzorlarga ham zarar yetkazayapti. Oddiy misol, Rossiyadagi qurg’oqchilik va yong’inlar bug’doy dalalarini barbod qildi. Bu esa butun dunyo don zaxirasiga ta’sir ko’rsatmoqda.

“Buning oldini olish uchun ko’mir, neft va gaz kabi yonilg’ilarni ishlatishni kamaytirish kerak. O’rniga esa toza energiya manbai - quyosh va shamoldan ko’proq foydalanganimiz ma’qul ”,- deydi Amanda Stod.

Patrik Maykls bu qarashdan ham yiroq.

“Quyosh energiyasini hammaga birdek yetkazib bo’lmaydi. Shamoldan ham yetarli quvvatda energiya ololmaysiz”,- deydi olim.

Inson ko’nikuvchan zot, deydi Maykls, har qanday vaziyatga moslashib ketaveramiz.

“Bu muammo insoniyat tarixda yuzlashgan boshqa global jumboqlardan farq qilmaydi. Ularga yechim topganmiz, bunisini ham uddalaymiz”,- deydi Patrik Maykls.

Mutaxassislar tabiat o’zgarishi borasida turlicha fikrda bo’lsa-da, bir narsada yakdil: aholi soni oshib, shaharlar kengayar ekan, u yerlarda havo harorati ham ko’tariladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG