Jihodchilarni yengish uchun havo hujumlari yetarlimi?

  • Amerika Ovozi

Zo’ravon ekstremizm nafaqat minglab begunoh odamlar o’limi uchun javobgar, balki jamiyat asoslarini ham barbod qiladi, deydi G’arb rasmiylari.

O'tgan hafta Afg’oniston poytaxti Kobulda bir guruh jurnalistlarni olib ketayotgan avtobus portlab, yetti kishi halok bo’ldi. “Tolo News” kanaliga hujum qilgan Tolibon keskin tanqid ostida.

Mahalliy jurnalistlardan biri Abdulla Kenjani Afg’onistondagi barcha ommaviy axborot vositalariga, so’z erkinligiga qarshi qilingan xuruj bu, deydi. Uning aytishicha, bu kabi terror hujumlari jurnalistlarni o’z ishini bajarishdan to’xtata olmaydi.

Pokiston shimoli-g’arbida ham jangarilar ta’lim muassasasini nishonga oldi. Qurollangan to’da univesitetga bostirib kirib, kamida 20 kishini otib tashlagan.

Iroqda esa ming yillik tarixiy obidalar yer bilan yakson qilinmoqda. O’zini “Islomiy davlat” deb ataydigan ekstremistlar Mosul shahridagi eng ko’hna nasroniy monastirini buzib tashlagan.

“Tarix durdonalarini kelajak avlodlar uchun saqlab qola olmaganimiz achinarli. Ota-bobolarimiz qo’li bilan yasalgan bu obidalarni endi farzandlarimiz hech qachon ko’ra olmaydi”, - deydi AQShning Arizona universitetidan Syuzan Bott.

Xalqaro koalitsiya ham bo’sh kelmayapti. AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko’ra, “Islomiy davlat”ga tegishli millionlab dollar pul saqlangan bino havodan nishonga olingan.

“Aniq raqamlar haqida gapirish qiyin, deydi polkovnik Stiven Vorren. "Hisobimizcha, o’nlab million dollar saqlangan u yerda. Qisqa muddatda guruh o’z jangchilariga maosh to’lay olmasligi mumkin”.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Parijda ittifoqchilar bilan uchrashib, harbiy strategiya yuzasidan maslahatlashdi.

"Birgalikda harakat qilayapmiz, ammo yetarli emas. Yig’inda ko’tarilgan masalalarni vazirlar o’z hukumatiga yetkazganidan keyin qo’shimcha choralar to’g’risida kelishib olishimiz zarur”, - deydi vazir.

G’arb mutasaddilari “Islomiy davlat”ni u joylashib olgan hududlardan siqib chiqarish oson kechmayotganini tan oladi. Yaqinda Iroqning Ramadi shahrida g’alaba e’lon qilingan bo’lsa-da, armiya hamon odamlarni evakuatsiya qilish bilan band.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG