"Tashqi siyosat" jurnaliga ko'ra, O'zbekiston hamon "zaif davlatlar" qatorida

  • Amerika Ovozi

To'q qizil rangdagi davlatlar eng salbiy holatda deya baholanadi

To'q qizil rangdagi davlatlar eng salbiy holatda deya baholanadi

AQShdagi yetakchi siyosiy-tahliliy nashrlardan biri, "Tashqi siyosat" (Foreign Policy) jurnali davlat sifatida oqsayotgan, xalq talabi va ishonchini oqlay olmayotgan davlatlar ro'yxatini e'lon qildi. Uni Tinchlik Jamg'armasi (Fund for Peace) nomli xalqaro tashkilot tuzib chiqqan.

Yillik tahlilnomada Afrikaning Somali davlati birinchi, Chad ikkinchi va Sudan uchinchi o'rinda.

O'zbekiston 40-o'rinda bo'lsa, Tojikiston 39, Qirg'iziston 31, Turkmaniston 75, Rossiya 82 va Qozog'iston 107.

Urush davom etayotgan Afg'oniston 7, so'nggi oylarda biroz tinchlangan Iroq esa 9-o'rinda. Pokiston 12, Shimoliy Koreya 22, Eron esa 35-o'rinda turibdi.

Qo'shma Shtatlarning o'zi 158-o'rinda. Norvegiya eng baquvvat davlat sifatida 177, ya'ni eng yuqori o'rinni egallagan.

"Tashqi siyosat" jurnaliga ko'ra, O'zbekiston hamon "zaif davlatlar" qatorida

"Tashqi siyosat" jurnaliga ko'ra, O'zbekiston hamon "zaif davlatlar" qatorida

Reytingdan maqsad, deya bildiradi Tinchlik Jamg'armasi va "Tashqi siyosat" jurnali, dunyo ahlini global ahvoldan boxabar qilib, ko'plab davlatlarda hayot naqadar og'ir ekani haqida ogoh etib turish.

130 mingdan oshiq informatsion manbaga tayanib, mamlakatlar siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy omillarga qarab baholanadi.

Reytingda oldingi o’rinlarda, aniqrog'i "vaziyat og'ir" deya tasvirlangan davlatlarda quyidagicha holatlar hukmron:

- Markaziy hukumat shu qadar zaifki, butun hududni to'liq nazorat qila olmaydi

- Ijtimoiy xizmatlar mavjud emas yoki bori ham xarob ahvolda

- Korrupsiya va jinoyatchilik chuqur ildiz otgan va bu davlat tizimini egallab olgan

- Huquq-tartibot organlari adolat va xalq manfaatlari uchun emas, hukmron doiralar uchun ishlaydi

- Aholi uy-joyini tark etib, boshqa joylarga ko'chishga majbur

- Iqtisodiy nochorlik va ijtimoiy tengsizlik kuchli

- Tuzum yakkahokimlikka asoslangan, inson huquqlari muntazam ravishda buziladi va fundamental erkinliklar cheklangan.

"Tashqi siyosat" jurnaliga ko'ra, O'zbekiston hamon "zaif davlatlar" qatorida

"Tashqi siyosat" jurnaliga ko'ra, O'zbekiston hamon "zaif davlatlar" qatorida

O'zbekiston hukumati bunday ro'yxatlarga ochiq munosabat bildirmaydi, ammo ularni tuzgan tashkilotlarni qoralab, respublikadagi taraqqiyot, tinchlik va farovonlikni ko'ra olmay mamlakatni noxolis baholayotganlikda ayblab keladi.

"Tashqi siyosat" jurnaliga ko’ra, 2011 yilda dunyo ahli yuzlashgan eng murakkab sinovlar - arab dunyosida uzoq yillik rahbarlarga qarshi qozg'olonlardir.

Tunis va Misr inqiloblarni boshdan kechirdi. Bahrayn, Liviya, Yaman va Suriyada namoyishlar qonli mojarolarga yetakladi.

Arab jamiyatlarida xalq hukmdorlarga qarshi bosh ko'taradi deb ko'pchilik o'ylamagan edi.

Shunday ekan, namoyishlar boshqa mamlakatlarga ham tarqalishda davom etishi mumkin.

Agar Qohirada tinch aholi diktatorni ag'dara olgan bo'lsa, bu masalan Toshkent yoki Rangunda ham bo'lmaydi deb kim kafolat beradi, deya mulohaza yuritadi "Tashqi siyosat" jurnali.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG