"Neft arzonlashishi, Rossiyaga sanksiyalar uzoq muddatda Markaziy Osiyo uchun yaxshi xabar"


Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida iqtisodchi va siyosatdonlar Edvard Chou, Mamuka Tsereteli, Stiven Blank va Frederik Star bahsi. 14-yanvar, 2015-yil.

Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida iqtisodchi va siyosatdonlar Edvard Chou, Mamuka Tsereteli, Stiven Blank va Frederik Star bahsi. 14-yanvar, 2015-yil.

Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar va jahon bozorida neftning tobora arzonlashayotgani Markaziy Osiyo davlatlari uchun uzoq muddatda yaxshi xabar. Vashingtonda aynan shunday fikrlar yangrayapti.

G’arb Ukrainadagi xatti-harakati bois Rossiyaga qo’ygan sanksiyalar Markaziy Osiyoda beiz kechmayapti. Rublning barakasi uchib ishchi muhojirlar uyiga jo’natayotgan pul kamaygan, ko’plar umidsizlikda vataniga qaytib ketayapti.

Qozog’iston iqtisodiyoti neftdan tushadigan daromadga qattiq suyanib qolgan va qora oltin keskin arzonlagani byudjet uchun salmoqli yo’qotish. Hozir neft 48-50 dollar atrofida bo’lsa, Qozog’iston byudjetida qora moy chamasi 100 dollar atrofida bo’lishi ko’zlangan edi.

Ham Rossiya, ham Qozog’iston qo’shni o’lkalardan ko’psonli migrantlarni ish bilan ta’minlab keladi. Lekin rubl va tenge qadrsizlanib, odamlarning ishlab-ishlab topgani arzimagan pulga aylanayapti. Mahalliy aholi norozi. Muhojirlar uyga yuboradigan pul kamaygan.

Ikki yirik mamlakatda iqtisodiy ahvol og’irlashgani ichki ixtilofga turki berishi, nizo qo’shnilarga yoyilishi mumkin. Ko’plab muhojirlarning mehnatiga hojat qolmagani bois ular vatanlariga quruq qaytishga majbur bo’layotgani aytiladi. Shuncha ishsiz fuqarosini to’ydirishni, ishli-joyli qilishni O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’izistondagi hukumatlar o’ylashi kerak.

Lekin bu tashvishli o’ylarga qaramasdan, xalqaro energetika sohasida 30 yildan oshiq tajribasi bor tahlilchi Edvard Chou (Edward Chow) neft arzonlagani yaxshi xabar, deydi.

Olimning aytishicha, neft qimmatlaganida ishlab chiqaruvchi davlatlar badfe’l bo’lib qoladi. Misol uchun, rahbarlar hokimiyatda uzoq qolib ketadi, mansabini suiiste’mol qiladi, iqtisodiyotning boshqa sektorlari rivojlanmaydi, qora oltin boshqa sohalarni siqib chiqaradi.

Neft narxi yana qancha muddat bugungiday past bo’lib qolishini aytish qiyin, deydi Chou. Bir necha oy yoki yillar? Turkmaniston va Qozog’iston hukumatlari byudjetdagi bunaqa o’pqonni uzoq payt yamay olmaydi. Neft ketidan tez orada gaz ham arzonlaydi. Demak, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotlarni isloh qilishi va texnologiya, kashfiyotlarga sarmoya tikib rivojlantirishi lozim. Hadeb neft va gazga ta’zim qilavermay, endi mintaqa iqtisodning boshqa tarmoqlarini oyoqqa turg’izishi uchun yaxshi imkoniyat bu. Edvard Chou kasalxonalarda vrachlarni ish bilan ta’minlang, ilm-fan taraqqiy etishini kafolatlang, deb undaydi.

Vashingtonda yangrayotgan fikr shuki, hozirgi iqtisodiy taranglik Markaziy Osiyo mamlakatlarini nihoyat o’z taqdirini qo’lga olishga undashi hech gapmas. Jons Xopkins universitetidan (Johns Hopkins University) Mamuka Tsereteli Tojikistonni misol keltiradi. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining salkam 50 foizini ishchi muhojirlar Rossiyadan jo’natayotgan pul tashkil qiladi.

“Yaqinda Tojikiston hukumati Xitoy bilan qiymati olti milliard dollarlik uch yillik investitsiya shartnomasini imzoladi. Yiliga ikki milliard dollar degani, ya’ni bu Tojikiston Rossiyadagi migrantlardan yiliga oladigan yordamning yarmi”, - deydi Tsereteli.

Mamuka Tsereteli nazarida, bu kelishuv Markaziy Osiyo hukumatlarining yordamni faqat Rossiya emas, boshqa manbalardan izlashga tushganidan dalolat beradi. Aytish kerak, Xitoy ajratgan bu moliya Tojikistonda gidroenergetika taraqqiyoti uchun ham sarflanishi kutilmoqda. Lekin neft va gaz bahosi tushib borayotgan bir sharoitda iqtisodchilar GESlar qurilishi chetga surilishini bashorat qiladi.

Ayni paytda region davlatlarida milliy valyutalar dollarga nisbatan qadrsizlanib borayapti. Lekin rubl bilan qiyoslaganda bu valyutalar, aksincha, qimmatlagan. “Ya’ni, - deydi Mamuka Tsereteli. - Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga eksportda yutqizayapti. Agar hozirgiday ketaversa, mintaqa ruslarning importiga tobora tobe bo’lib boraveradi, chunki mahalliy mahsulotga qaraganda rus mahsuloti arzon bo’lib qolaveradi”.

Shunday ekan, balki davlatlar nihoyat o’zaro integratsiya va savdoni jadallashtirish uchun o’zida siyosiy iroda topar? Pessimistik qarash shuki, mintaqaning avtoritar hukumatlari islohot rejasi bilan chiqishga qodir emas. Biroq optimistik yondashuv shuki, Sovet ittifoqi qulashidan omon qolgan bu mamlakatlar bugungi tajribasi bilan neft tanazzulidan ham chiqib oladi.

Jons Xopkins universiteti professori Frederik Starr (Frederick Starr) mintaqadagi yuqori mansabli rasmiylar bilan muloqotini misol qiladi.

“AQSh va Yevropa davlatlarining Ukrainadagi vaziyat bois Rossiyaga qo’ygan sanksiyalarini tushunamiz, deydi bu rahbarlar. Lekin bundan Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari zarar ko’rayapti-ku. Amerika biror yordam qilsa bo’lmaydimi, deya so’raydi region rasmiylari”, - deydi Starr.

Tahlilchi Stiven Blank (Stephen Blank) javobi, Vashington bu jamiyatlarni ochilishga, savdo va sarmoya uchun erkin muhit yaratishga undashi mumkin, xolos. Shunda ish o’rinlari ham paydo bo’ladi. Amerika va boshqa yurtlar bizneslari uchun eshiklarni ochib bersin bu davlatlar, Amerika mutaxassislari borib ularning malakasini oshirsin, deydi mutaxassis.

Vashingtondagi olimlarning eslatishicha, O’zbekiston, Turkmaniston va qo’shnilarda iqtisodlar qoloq ekani ko’p jihatdan hukumatning katta sektorlarni yoppasiga nazorat qilayotgani bilan izohlanadi. Bizneslar kelib erkin raqobat qilishi uchun sharoit yaratibgina kelgusida bugungiday tanazzulning oldini olish mumkin. Region davlatlari oldida boshqa yo’l qolmagan, deydi olimlar.

XS
SM
MD
LG