Falluja "Islomiy davlat"dan ozod etildi

  • Amerika Ovozi

Iroq qo'shinlari bir necha hafta davom etgan janglardan so'ng Falluja shahrini "Islomiy davlat" jangarilaridan ozod etdi, deya bildirmoqda Iroq rasmiyari.

General-leytenant Abdulvahob al-Sa'adiy ekstremistlar qo'lida qolayotgan Julan mahallasi ham ozod etilganidan keyin butun Falluja endi ozod, deb bayonot berdi.

Shaharga katta ziyon yetkazilgan.

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya havodan terrorchilar istehkomlariga zarba berdi, shia jangchilari va Iroq qo'shinlari bir necha hafta davomida shiddatli janglar olib bordi. Taraflar qancha askar yo'qotgani, necha kishi jarohatlangani hozircha noma'lum.

Iroq askari Fallujada "Islomiy davlat" bayrog'ini binodan olib tashladi

Iroq askari Fallujada "Islomiy davlat" bayrog'ini binodan olib tashladi

Minglab odamlar yordamga muhtoj

Otishmada o'lishdan qo'rqqan aholi shahardan qochgan. Xalqaro gumanitar tashkilotlar va Iroq hukumati 85 mingdan ziyod odamga yordam berishi kerak. Aksariyati boshpanasiz qolgan, cho'lda 45 daraja jazirama issiqda yashashga majbur.

“Lagerlarda kundan kunga sharoit yomonlashyapti, ayniqsa salomatligi og'ir odamlar ko'p aziyat chekmoqda", - deydi Norvegiya qochqinlar kengashidan Nosir Muflahiy.

Boshpanasiz qolgan fallujaliklar tezkor yordamga muhtoj

Boshpanasiz qolgan fallujaliklar tezkor yordamga muhtoj

Suv kam, sanitariya sharoiti og'ir.

​“Lagerlarda odam ko'p, hojatxonalar esa yetishmaydi. Yangi kelganlar uchun joy yo'q. Har bir besh metrda bir oilaning joylashganini ko'rasiz. Tezda muammoni hal qilmasak, yuqumli kasalliklar tarqala boshlashi mumkin," - deydi lager direktori Ahmad Basel.

Vaziyat beqaror

Ammo lagerlardagi ayanchli ahvolga qaramay, Muflahiy odamlar uyiga qaytmasin, deydi.

"Qaysi mahallalar xavfsiz, qaysilarida hanuz tahdid borligini bilmaymiz. Mahallalarni tekshirish, xavfsizlik nuqtai nazaridan baholash kerak", - deydi u.

Boshpanasiz qolganlarning aksariyati - ayollar va bolalar. Yoshi 14 dan oshgan yigitlarning bari Falluja ozod etilganida oilalaridan ajratilib, "Islomiy davlat" safida jang qilmaganligini tekshirish uchun olib ketildi. Tekshiruvdan o'tib bo'lganlarga maxsus hujjat berilyapti. Jarayon uchun Iroq xavfsizlik xizmati mas'ul.

Ammo BMT Qochqinlar idorasining bildirishicha, sunniy oilalardan bo'lgan 850 erkak va o'smir 3-iyundan buyon shia jangchilari qo'lida qolmoqda.

"Oilalar bilan suhbatlashish natijasida shu ayon bo'ldiki, barcha oilalarda kamida bir odam yo'qolgan", - deydi BMT rasmiysi.

Tahlilchilar Falluja sunniylari shialar qo'lida aziyat chekadi, deya ko'p marta ogohlantirgan edi.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy "Daish ustidan g'alaba qozonamiz", deya bayonot berdi.

Navbat Mosulga

Endi esa navbat Mosulga, dedi Abadiy.

Iroq hukumati qo'shinlari

Iroq hukumati qo'shinlari

"Islomy davlat" ancha zaiflashgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama yaqinda to'da juda katta bosim ostida, deb eng muhim yetakchilaridan judo bo'lganini bildirgan edi.

​Ammo Iroqning kurd qo'mondonlari Mosulni ozod etish ancha qiyin bo'lishini aytmoqda. U yerda tinchlikka erishish uchun barcha taraflar orasida siyosiy-harbiy shartnoma kerak.

Iroqlik kurdlarning Peshmerga jangchilari

Iroqlik kurdlarning Peshmerga jangchilari

Gumanitar tashkilotlarga ko'ra, 600 ming mosullik uyidan qochgan va boshpanasiz qolgan. Bu Fallujaga qaraganda kattaroq inqiroz.

​BMT Qochqinlar idorasi Irbil gubernatori ajratgan yerda 6000 odam uchun lager qurmoqda. Ammo yordamga muhtojlar ancha ko'p.

BMT 2014-yildan buyon "Islomiy davlat" faoliyati natijasida boshpanasiz qolgan 3,3 million odamga yordam berish uchun 584 million dollar yordam so'ragan. Shu kungacha bu mablag'ning 21 foizi ajratildi, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG