Amerikada dehqonlar, fermer xo’jaliklar o’zgarib bormoqda

  • Amerika Ovozi

Amerikada fermerlarning o’rtacha yoshi 58 yoshda. Dehqon va chorvadorlar bu mamlakatda asosan keksalar. Ulardan keyin nima bo’ladi? Bu qariyalar pensiyaga chiqishi bilan dalada ishlaydigan odam qolmaydi, deya xavotir bildiradi ayrimlar. Bir qarashda xavotirli ko’ringan manzara aslida u qadar yomon emas.

Adrien Gibsonning Tennesi shtatida yeri bor. U Amerika qishloq xo’jaligida noyob shaxs sanaladi. Birinchidan, ayol. Ikkinchidan, ozchilikdan chiqqan. Gibson asosan oq tanli erkaklar ishlaydigan sohada muvaffaqiyat qozonmoqda.

AQSh statistika boshqarmasiga ko’ra, vaziyat o’zgaryapti va uni salbiy deyish xato. Fermerlar bugun ancha boshqacha. Ko’rinishi, kelib chiqishi, qarashlari, ish uslubi. Xo’jaliklar kichikroq. Gibson, masalan, maxsus dastur doirasida dehqonchilik yuritayapti. U haqni oldindan to’laydigan pudratchilar uchun mahsulot yetishtiradi.

“23 mijozim bor. Ular fermamni quvvatlash majburiyatini o’ziga olgan. Evaziga may oyidan oktabrgacha har hafta mendan bir qop sabzavot oladi,” - deydi u.

Tadqiqotchi Neyt Fillips fikricha, amerikaliklarning oziq-ovqatga munosabati o’zgarar ekan, kichik fermalar ayni muddao. Jamiyatning talabi bugun o’zgacha, deydi u.

“Oziq-ovqatimiz qayerda yetishtiriladi, uning sifati qanday, deb odamlar qiziqa boshlagan. Va bu jarayon kelajakda davom etadi”.

Oziq-ovqat qayerda yetishtirilayapti degan savol yoshlarni dehqonchilikka yetaklamoqda.

“Neshvil va boshqa katta shaharlarda talabalar orasida shuni kuzatayapman, vaholanki ular na qishloqda katta bo’lgan, na fermerlar oilasidan. Lekin qiziqishi katta,” - deydi Fillips.

Bundan bir necha yil avval Brendon Vitt o’shanday yosh talabalardan biri edi. Oilasiga qarashli 100 gektar yerida eng ilg’or texnika ishlatiladi. Uning oldida Gibson fermasi ip esholmaydi. Lekin Vitt ham Gibson uslubini qo’llay boshladi. Cho’chqalarini begonalarga emas, qo’shnilariga sotmoqda.

“Aslida biz to’liq jarayonni yo’lga qo’ydik. Fermamizda cho’chqa go’shtini sotamiz, buning uchun o’zimizning do’konimiz bor. Xaridorlarimiz - mahalliy restoranlar va oziq-ovqat do’konlari,” - deydi Vitt.

Neyt Fillips oziq-ovqat yetishtirayotgan odamlar bilan bu mahsulotlarni iste’mol qilayotganlar orasida farq qolmayotganidan mamnun.

“Bu zo’r. Jamiyatimizni aks ettiradi. Atrofimizda yashayotgan odamlar qandayligini aks ettiradi. Qishloq xo’jaligi aynan shu yo’ldan rivojlanishi kerak,” - fikr bildiradi Fillips.

Har bir amerikalik fermer bir narsadan mamnun. Statistika ma’lumotlariga ko’ra, so’nggi olti yilda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat qadr-qimmati 25 foizga oshgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG