Vitse-prezidentlikka nomzodlar orasida debat

  • Amerika Ovozi

Vitse-prezidentlikka nomzodlar - demokrat Tim Keyn va respublikachi Mayk Pens - Virjiniya shtatida bahs qildi

Vitse-prezidentlikka nomzodlar - demokrat Tim Keyn va respublikachi Mayk Pens - Virjiniya shtatida bahs qildi

Virjiniya shtatining mitti Farmvill shahri joriy saylov yilida vitse-prezidentlikka nomzodlarning ilk va yagona bahsiga mezbon bo'ldi. Respublikachi Mayk Pens va demokrat Tim Keyn iqtisod, huquq va tartibot, xavfsizlik, sog'liqni saqlash, ta'lim hamda tashqi siyosat ustida bahslashdi. Kutilganidek, nomzodlar biror mavzuda kelishmadi. Biroq ular davlat xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyotga birdek urg'u berdi.

Bahs Longvud universitetida bo'lib o'tdi. Bu debat saylovda hal qiluvchi rol o'ynamasa-da, Oq uy uchun kurashayotgan arboblar o'ziga kimni sherik qilib tanlaganini namoyon etuvchi tadbirdir. Prezident biror sabab bilan o'z vazifasini bajara olmagan taqdirda uning o'rnini vitse-prezident egallaydi.

Tim Keyn liberal bo'lsa, Mayk Pens konservator. Har ikkisi o'z partiyasining ishonchini qozongan shaxslar. Keyn sobiq gubernator va amaldagi senator. Uning raqibi Mayk Pens sobiq kongressmen, hozirda Indiana shtatining gubernatori. Keyn ham, Pens ham chiniqqan advokatlar, siyosatda pishgan.

Pens Obama ma'muriyatini Amerika qarzini oshirib, iqtisodiyotni zaiflashtirganlikda ayblasa, Keyn o'tgan sakkiz yil ichida mamlakatda millionlab ish o'rinlari yaratildi, energetik mustaqillikka erishildi va moliyaviy inqiroz bartaraf etildi, deya javob berdi.

Demokrat Tim Keyn

Demokrat Tim Keyn

Keyn prezidentlikka nomzod respublikachi Donald Trampni aqlsiz, vijdonsiz va subutsiz shaxs deya tasvirladi. Tramp Amerikani tashqi dunyo uchun yopiq, chet elliklardan gumonsiraydigan jamiyatga aylantirmoqchi, uning xalqaro maydondagi nufuzini barbod qilmoqchi, dedi Keyn.

Suriyadagi urushni tugatish va Rossiya bilan qanday aloqa qilish yuzasidan ham tomonlar keskin farq qiladi. Pens, Tramp singari, Rossiyani xavf sifatida ko'rmaydi. Demokrat nomzod Hillari Klintonning pozitsiyasini tushuntirar ekan, Keyn Rossiya rahbari Vladimir Putinni yovuz lider va diktator deb atadi.

Respublikachi Mayk Pens

Respublikachi Mayk Pens

Virjiniya har ikki partiyadan nomzodlar deyarli teng ovoz oladigan shtatlardan. Aholisi konservativ ruhdagi Farmvill shahri Keynning ona shahri Richmonddan bir soat narida joylashgan. Demokratlarga xayrixoh Richmond avvalroq Keynni mer qilib tanlagan edi.

Virjiniyaning bir-biriga yaqin, biroq siyosiy jihatdan mutlaqo farqli bu shaharlari Amerika saylovoldi hayotidagi tafovutlarni yaqqol ifodalaydi.

"Vashington Post" nashri joriy yilning avgustida o'tkazgan so'rovda Pens va Keyn birday, "yoqimsiz" deya baho olgan edi.

Shu bilan birga, Farmvill ahli Keynning mer sifatidagi ishlaridan xabardor va uni hurmat qiladi. Bahs kuni shahar ahli respublikachi Pensga yon bossa-da, saylov kuni Keynga ovoz berishi hech gapmas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG