FATH va XAMAS yarashdi, AQSh sobiq prezidenti bitimni qo'llab-quvvatlamoqda

  • Amerika Ovozi

Falastin ko'chalarida "Tarqoqlik yetar" degan yozuvlar

Falastin ko'chalarida "Tarqoqlik yetar" degan yozuvlar

Bitimga ko'ra, guruhlar muvaqqat hukumat tuzishga kelishib, so’ng bir yil ichida prezident va parlament saylovlari o’tkaziladi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos va XAMAS rahbari Xolid Mash'al bugun Qohirada yarash bitimini imzolab, FATX va XAMAS o'rtasidagi to'rt yillik nifoqqa chek qo'ydi.

Hujjatga muvofiq, guruhlar muvaqqat hukumat tuzishga kelishib, so'ng bir yil ichida prezident va parlament saylovlari o'tkaziladi.

Shu paytgacha G'arbiy Sohil FATX, G'azo Sektori esa XAMAS qo'lida edi.

Bitimni imzolar ekan Xolid Mash'al "qora kunlar ortda qoldi" deb, haqiqiy kurashni istilochiga qarshi olib borish kerak, dedi.

Isroil bitimga qarshi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu nazarida u Isroil-Falastin tinchlik jarayoniga pand berishi mumkin.

Netanyaxu Londonda Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan uchrashib, ularni XAMAS-FATX hukumatini tan olmaslikka chaqirmoqda. Netanyaxu payshanba kuni shu masalada Parijda Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bilan ham gaplashadi.

XAMAS rahbari Ismoil Haniya va FATH yetakchisi Mahmud Abbos

XAMAS rahbari Ismoil Haniya va FATH yetakchisi Mahmud Abbos

Netanyaxu Abbos yo Isroil, yo terrorchi XAMAS bilan kelishishi lozim, tinchlik faqat bir tomon bilan bo'ladi, demoqda.

Mahmud Abbos ham o'z navbatida Isroilning G'arbiy Sohildagi qurilishlarini qoralab, Isroil yo qurilishlar, yo tinchlikni tanlashi kerak, deydi.

Bugun AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karter "Vashington Post" gazetasida Falastindagi raqib guruhlar o'rtasidagi bitimga munosabat bildirar ekan, Qo'shma Shtatlar va xalqaro hamjamiyatni uni qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

G'arbiy sohil ahli uchun shodon kun

G'arbiy sohil ahli uchun shodon kun

"FATX va XAMAS bitimi Falastin huquqlari va demokratiyaga javob beradi. XAMAS 2006-yilda qonunchilik kengashiga saylovlarda g'alaba qozonganiga qaramay, Qo'shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi, BMT va Rossiyadan iborat Yaqin Sharq To'rtligi uni inkor etgach, Falastin hukumati tez orada parchalanib, ikki guruh o'rtasida nizo boshlandi" deb yozadi Karter.

Uning aytishicha, xalqaro hamjamiyat madadi bilan bitimdan Isroilga XAMAS hujumlarini to'xtatishda hamda tinchlik muzokaralarini yakuniy pallaga yetkazishda foydalanish mumkin.

"Agar Isroil mustaqil Falastin davlatini tan olsa, Falastin va undagi hukumat tarkibiga kirgan XAMAS ham Isroilni tan olgan bo'lar edi", deyiladi sobiq prezident Karterning "Vashington Post"dagi maqolasida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG