Federal Qidiruv Byurosi rahbari yangilanadi

  • Amerika Ovozi

Chapdan Jeyms Komi, nomzod. O'ngda esa Robert Mueller, Federal Qidiruv Byurosining 12 yillik rahbari.

Chapdan Jeyms Komi, nomzod. O'ngda esa Robert Mueller, Federal Qidiruv Byurosining 12 yillik rahbari.

AQShda Federal Qidiruv Byurosi, FBR rahbari yangilanmoqda. Jinoyatlarni tekshiruvchi bu gigant agentlik 12 yildan beri bir kishi qo’lida edi. Prezident Barak Obama tanlagan yangi rahbar Respublikachilar partiyasi vakili.


Jeyms Komi – huquq-tartibot sohasida pishgan mutaxassis, lider. Uning muxolifatdan ekani ham prezident uchun katta plyus. Senat nomzodni tasdiqlashi kerak.

Jeyms Komi AQSh Adliya vaziri o’rinbosari vazifasini qoyilmaqom qilib bajargan xizmatchi. Federal Qidiruv Byurosidek ulkan va murakkab boshqarmani uningdek shaxsga ishonmasak, kimga ishonamiz? Tahdidning oldini olish, xavfsizlikni ta’minlash va yurt tinch yashashi uchun nima qilish kerakligini Komi juda yaxshi biladi”,- deydi Obama Oq uyda uning nomzodini e’lon qilar ekan.

Jeyms Komi nafaqat davlat ishida balki xususiy sektorda, xususan mudofaa va moliya sohalarida ham rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Murosachi, omilkor odam deya tasvirlashadi uni.

Komi tasdiqlansa, Robert “Bob” Myuller o’rnini egallaydi. Myuller byuro rahbari sifatida 2001-yilning 11-sentabr voqealaridan bir hafta oldin ish boshlagan edi. Direktorlik aslida 10 yilga cheklangan, lekin Obama uning muddatini 2011-yilda yana ikki yilga uzaytirgan edi.

Jeyms Komi 2004-yilda Jorj Bush va uning siyosatiga qarshi bosh ko’tarib tanilgan edi. Adliya vaziri muovini ekan, o’sha paytdagi xo’jayini Jon Ashkroft qarshi chiqqan maxfiy dasturni qoralagan. Oq uy fuqarolarni zimdan kuzatish va ordersiz hisbga olishga ruxsat beruvchi programmani uzaytirmoqchi bo’lganida, Komi va Ashkroft yo’q deb turib olgan. Ashkroft og’ir kasallik bilan olishib kasalxonada yotganida Oq uy undan zarur hujjatlarni imzolashni so’ragan. Komi bunga yo’l qo’ymagan. Myuller ham ularning yonida bo’lgan.

Obama fikricha Komi va Myuller qahramonlarcha ish tutgan.

“Mana shunday nozik damlarda Komi va Myuller sinovlarga chidab bergan. Vijdonan harakat qilgan. Ishini yo’qotishdan qo’rqmagan. Qonunni himoya qilgan va unga tayangan”,- deydi prezident.

Federal Qidiruv Byurosi Markaziy Razvedka Agentligidan farqli o’laroq mahalliy razvedka va qonun-tartibot bilan shug’ullanadi. Markaziy Razvedka Agentligi faqat chet elda faoliyat olib boradi. Qonunan shunday.

Lekin keyingi paytlarda har ikki boshqarma chegaradan chiqib ketganlikda gumon qilinib, keskin tanqid ostida. Kongress a’zolari har ikki idora faoliyatini qayta ko’rib chiqish kerak deya talab qilmoqda.

Fuqarolarning shaxsiy aloqalari, telefon suhbatlari va internetdagi muloqotlari maxfiy tarzda tekshirilgani aniqlangach, jamiyatda norozilik yanada kuchaygan.

Obama ma’muriyati yashirin dasturlar uchun ruxsat olingan deydi. Prezident huquq himoyachilari bilan yuzma-yuz o’tirib, ularning savollariga javob bermoqda. Har bir fuqaroning emas, shubha ostidagi odamlarning aloqalari kuzatilgan, deydi Obama.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG