Tojikistonda radikalizm vahimasi, islomiy partiya va hukumat tazyiqi


Eric McGlinchey at GWU Central Asia program

Eric McGlinchey at GWU Central Asia program

Tojikistonda diniy ekstremizm xavfi haqidagi vahimalar bo’rttirilgan, deydi tahlilchilar. Hukumat esa radikalizm va ekstremizm bilan olishish bahonasida muxolifatni ezayapti. Jorj Vashington universitetida ana shu mavzuda ilmiy muhokama o'tdi.

Amerikalik olim Erik Maglinchi nazarida “Islomiy davlat” to’dasining qonxo’rligi ketidan bugun jahondagi vahima 2001-yil 11-sentabr hujumidan keyingi ahvolni eslatadi. Jangarilarning qo’li yetmagan joy yo’q go’yo. Bag’dod bir qadam, Parij bir qadam.

Bu esa islom haqida tor, xato qarashlar va qo’rquvni nihoyatda oshirgan. Hukumatlar radikalizm bilan kurashish bahonasida oppozitsiyani tahqirlayapti.

Shu oy boshida tojikistonlik muxolifatchi Umarali Quvvatov Turkiyada o’ldirib ketildi. Tojikiston hukumati uning “Guruh 24” tashkilotini ekstremist deya taqiqlab qo’ygan, o’zini quvib solgan.

Rasmiy Dushanbe Quvvatovning siyosiy tashkilotini qayirib tashlashda ekstremizmni vaj qilganiga yaqqol misol bu.

Quvvatovni kim o’ldirganini bilmaymiz, deydi Maglinchi. Lekin uningcha, marhum radikal islomchi bo’lgani uchun emas, muxolifatchi bo’lgani uchun nishonga olingani aniq.

Ustiga ustak, mamlakatda yaqinda o’tgan parlament saylovlarida muxolifat, xususan, Markaziy Osiyodagi yagona rasmiy Islomiy partiya birorta o’rin ololmadi. Ya’ni islom haqida mubohasa uchun deyarli imkon qolmayapti.

Tojikiston Fanlar akademiyasidan Muzaffar Olimov mamlakatda radikalizm va islomiy inqiloblar ehtimoli borasida izlanib keladi. U oxirgi 10 yilda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga tayanib shunday deydi:

“Odamlar bilan gaplashganimizda qariyb 70 foizi Islomiy uyg’onish partiyasi kabi zamonaviy, islohotga ochiq diniy partiyalarni qo’llab-quvvatladi. Lekin oxirgi parlament saylovlaridan ko’rdikki, hukumat o’zining raqiblarini, xususan, asosiy kuchli oppozitsiya - islomiy partiyani siqib chiqarish qarorida qat’iy”, - deydi Olimov.

Olim fikricha ham Tojikistonda radikallashuv xavfi juda past.

“O’n yillik so’rov natijalarini olsak, terrorizm, ekstremizm va diniy radikalizm xalqni o’ylantirgan asosiy muammolar ro’yxatida emas. Odamlar kundalik turmush tashvishlaridan ortmayapti - elektr toki yo’q, ish yo’q, o’qish sifati past, ko’plab fuqarolar Rossiya, Qozog’istonda non topayapti. Mana shular haqida qayg’urayapti aholi”, - deydi Tojikiston Fanlar akademiyasi a'zosi.

Tojikiston rasmiylarining da’vosicha esa ishchi muhojirlar Rossiyaga yoki Turkiyaga borib radikallashmoqda va Suriyada jangarilar safiga qo’shilayapti. Ichki ishlar vazirligi taxminicha, 300-400 tojikistonlik “Islomiy davlat” qatorida jang qilayapti. Erik Maglinchi buni tasdiqlovchi mustaqil izlanishlarga duch kelganim yo’q, deydi.

“Islomiy davlat” to’dasi safida tojiklar bordir balki, amerikaliklar ham bordir. Bu kabi da’volarni olg’a surishda juda ehtiyot bo’lishimiz, bir-ikkita misol asosida jiddiy tahdid bor deyishga shoshmasligimiz kerak”, - deydi olim.

Bu sharoitda Amerika hukumati nima qilishi mumkin?

Maglinchi Tojikistondagi muxolif partiyalarni qo’llab-quvvatlashni maslahat beradi. “Oppozitsiya faoliyat yuritish, oddiy yig’ilishlar o’tkazish imkoniga ega emas. Muxolifatchilar quvilmoqda, o’lim xavfi bilan yuzlashmoqda. Emomali Rahmon hukumati davlatni boshqara olmayotganini, qo’li barcha viloyatlarga yetmayotganini, viloyatlar markaziy hukumatga bo’ysunmayotganini tan olsin”, - deydi tahlilchi.

Shu bilan birga, mamlakatda e’tiqod erkinligi bilan bog’liq ahvol qo’shni O’zbekistondagi vaziyatga tobora yaqinlashib borayapti.

“Tojikiston hukumati din ahlining erkini cheklayapti, ammo qo’shni O’zbekistondan farqli ravishda kuchli armiyaga, kuchli bosim vositasiga ega emas. Dindorlarni tahqirlar ekan, rasmiy Dushanbe xalqning g’azabini qaytara olmasligi va davlat fuqarolik urushiga qaytishi hech gapmas”, - deb hisoblaydi olim.

Mamlakatda oxirgi 25 yilda islomiy radikalizm alomatlari ko’rinmasa-da, deya xulosa qiladi ekspertlar, bunga turtki beruvchi omillar bor. Bu muammolarni yechibgina tahdidning oldini olish mumkin.

XS
SM
MD
LG