Ferguson ahli shahar qiyofasini yaxshilashga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

O’tgan yili Missurining Ferguson shahrida qurolsiz qora tanli yigitning oq tanli politsiyachi tomonidan otib o’ldirilishi mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlari to’lqiniga sabab bo’ldi. Oradan bir yil o’tib keskinlik hanuz yuqori. Ammo shaharning ayrim fuqarolari jamiyat hayotiga ijobiy ta’sir ko’rsatishga urinmoqda.

Ko’plab fergusonliklarning shikoyat qilishicha, o’tgan yilgi to’polonlarning matbuotda keng yoritilishi noto’g’ri tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo’ldi.

“Tashqariga chiqqan har bir odam jinniga o’xshab, hamma joyni buzyapti, o’q otyapti, degandek xuddi. Ijobiy narsalar haqida gapirishmaydi”, - deydi namoyishchilardan biri.

Kennet Uit ismli fuqaroning aytishicha, to’polonlarga chetdan ham odamlar kelib qo’shilgan. Ular hatto mening oilamga ham tahdid qilishdi, deydi u.

“Baqirib, so’kinib, odamlarni itarib yurishibdi. Butun dunyo bizni bezorilik, ur-yiqit qilyapti, deb o’yladi”, - deydi u.

“Sen sotilgansan, deb menga ham baqirishdi. Shunda fikrim o’zgardi”, - deydi Uit.

Kennet Uit do’stlari, qo’shnilari va mahallasining obro’sini himoya qilishga otlandi. Shu maqsadda u “Fergusonni sevaman” nomli do’konda volontyorlik qilmoqda.

Uning aytishicha, o’ziga o’xshaganlar oz emas va ular Ferguson qiyofasini o’zgartirishga harakat qilmoqda.

“Odamlar Ferguson haqida bilsin deb vaqtimni ajratdim. Biz mehribon odamlarmiz, matbuotda ko’rsatganlaridek emas”, - deydi Jeklin Demer ismli yana bir shaxs.

Demer kabi do’konda ko’ngilli ishlayotganlar 25 nafar. Tushgan daromad jamiyat ehtiyojlari uchun ishlatiladi. Demerning aytishicha, do’kon o’tgan yilgi to’polonlarda shikastlangan bizneslarni qayta tiklash uchun ko’p yordam berdi.

“Turli biznes egalariga 100 ming dollardan ortiq ko’mak berdik”, - deydi u.

Kunduzi shahar sokindek ko’rinsa ham, kech kirishi bian namoyishlar yana davom etmoqda. Natijada bu yer xavfli hudud degan tasavvur odamlar ongiga tobora o’rnashib bormoqda. Mahalliy aholi esa bu qarashning noto’g’ri ekanini isbotlash niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG