FIFA homiylari korrupsiya ko'lamidan xavotir bildirdi

  • Amerika Ovozi

FIFA rasmiylari bilan aloqador korrupsiya mojarosi yuzaga chiqqach, xalqaro futbol tashkilotiga homiylik qiluvchi olti korporatsiyaning beshtasi chempionat mezbonini aniqlash jarayoniga yolg’on aralashishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Lekin ulardan hech biri homiylik qilishdan voz kechgani yo’q. Kuzatuvchilarga ko’ra, hozir hamma mojaroning oxiri nima bo’lishini kutish bilan cheklanmoqda.

Hozir sport bilan aloqador biror mashmasha yuzaga chiqsa, homiylardan tortib reklama beruvchilargacha bundan aziyat chekadi. Yo’qotishlarning oldini olish ularning bunga qanday javob berishi bilan bog’liq.

“Bunday janjallar ovoza bo’lsa, homiylar va reklamachilar darhol bayonot beradi. Ilgari, bir necha yil oldin ham biroz kutishardi. Bozor, mijozlar va odamlarning munosabati qanaqa, shuni o’rganishardi. Hozir bu narsa yo’q”, - deydi sport mutaxassisi Li Igel.

Futbolni boshqaruvchi FIFA tashkiloti bilan bog’liq manfaatlar shu qadar kattaki, shu paytgacha biror yetakchi homiy uni tark etgani yo’q. Igelning aytishicha, homiylar tashkilotga ko’p yillik reja asosida juda katta mablag’ tikkan.

Ayni paytda sport marketingi bilan shug’ullanuvchi to’rt ijrochi va “Nike” ekani aytilayotgan yirik AQSh kompaniyasi korrupsiya va poraxo’rlik ishi yuzasidan tergov ostida.

Iqtisodchi Fredi Marinning aytishicha, FIFA moliya bo’yicha o’z qoidalarini o’rnatgan bo’lib, korporatsiyalarda, ko’pincha, tanlov imkoniyati yo’q.

“Qoidalar o’rnatilgan. Ular qiladigan yagona narsa shu qoidalarni qabul qilish. Agar reklama qilmoqchi bo’lsang, bu huquqni qo’lga kiritish uchun qo’shimcha to’lashing kerak, deyishadi. Shunga rozimisiz yoki boshqa yo’l bormi? Yo’q, uni qabul qilishga majbur bo’lasiz”, - deydi u.

Tahlilchi Jef Tinnesga ko’ra esa, korporatsiyalar birgalikda katta iqtisodiy kuch va ta’sirga ega, faqat bundan qanday foydalanishni bilish kerak.

“12 ta birinchi va ikkinchi darajali homiy kompaniyalarning umumiy yillik daromadiga qarasangiz, 450 milliard dollar chiqadi. Agar mamakat bo’lganda, bu ko’rsatkuch ularni dunyoning 25 yoki 27-eng boy davlatiga aylantirgan bo’lardi”, - deydi u.

Tinnesga ko’ra, sport olamida yetishmayotgan narsa bu rostgo’ylik. Raqobat qilayotgan kompaniyalar reklama imkoniyatlarini qanday qo’lga kiritishlari yuzasidan ochiq ma’lumot bermaydi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG