Futbol chempionati qurilishlarida Qatar va Rossiya ishchilar huquqlarini poymol etmoqda

  • Amerika Ovozi

Futbol bo’yicha jahon chempionatining navbatdagi mezbonlari – Rossiya va Qatarda inson huquqlari borasida qator muammolar bor. Huquq faollari har ikki davlatda ko’plab ishchilar og’ir sharoitlarda mehnat qilib, hatto ayrimlari ish joylarida halok bo’layotganidan shikoyat qiladi.

May oyida “BBC” muxbirlari Doxada abgor sharoitda yashab ishlayotgan ishchilarni filmga olishga uringanda hibsga olingan edi. 2022-yilgi chempionat mezboni etib tanlangan Qatar jurnalistlarning jihozlarini tortib olib, shundan beri ularni qaytarib bergani yo’q.

“Guardian” nashri tadqiqotiga ko’ra, 2014-yil Qatardagi stadion qurilishlarida har ikki kunda bir nepallik muhojir halok bo’lgan. Qatar Mehnat vazirligi bu raqamni inkor qiladi. “Human Rights Watch” tashkilotining aytishicha, muhojir ishchilar huquqlardan mahrum, hatto ularning pasportlari olib qo’yiladi.

“Ular juda ham og’ir ahvolda. Chunki bir tomondan hukumat mehnat huquqlariga e’tiborsiz qarasa, ikkinchi tomondan ish beruvchilar hech qanday javobgarlik hissisiz ularga tazyiq o’tkazadi”, - deydi tashkilot vakili Jeyn Bukanan.

Aksariyati Nepal, Bangladesh, Hindiston, Pokiston va Shri-Lankadan kelgan bu muhojirlarni qul deb atash mumkin, deydi tahlilchi Jef Tinnes.

“Bu yosh avlodning e’tiboriga tushsa, ijtimoiy tarmoqlarda ko’proq ovoza bo’lsa hamda bu inshootlar qurilishiga homiylik qilayotgan, nomini va sharafini tikkan korporatsiyalar bundan xabar topsa, shu qilayotgan ishlarimiz to’g’rimi, mablag’ni shunday ishlarga tikish arziydimi, deb savolga tutishni boshlashadi”, - deydi u.

Jeyn Bukananning aytishicha, Qatar va Rossiyaning huquqiy majburiyatlaridan tashqari, FIFA ham ishchilarni himoya qilish hamda o’tmishdagi xatolarning takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha majburiyatlarga ega.

“Sochi Qishki olimpiadasida migrant ishchilarning huquqlari poymol qilinganiga guvoh bo’ldik. So’nggi daqiqalarda bu qonunbuzarliklar uchun mas’ul kompaniyalar javobgarlikka tortilmaguncha Rossiya hukumati e’tibor bermadi. Shuning o’zi bu kabi holatlarga hukumatlar ko’z yumib kelishini ko’rsatadi”, - deydi u.

Rossiya qonunchilari qurilish ishlarida mahbuslar mehnatidan foydalanish taklifi bilan chiqdi. Bukananga ko’ra, bu chora ham majburiy mehnatning keskin ko’rinishi bo’ladi. Uning aytishicha, Rossiya hukumati allaqachon jahon chempionati uchun mo’ljallangan inshootlar qurilishida band ishchilarni yetarli himoya bilan ta’minlamayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG