Futbol bo'yicha 2026-yilgi jahon chempionati mezbonini aniqlash ortga surildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Adliya vazirligi tomonidan FIFAning to’qqiz rasmiysi va besh kompaniya yetakchisiga qarshi jinoyat ishi ochilgach, xalqaro futbol federatsiyasi 2026-yil bo’ladigan jahon chempionati mezbonini aniqlash marosimini ortga surishga qaror qildi. FIFA yetakchilarining hibsga olinishi katta shov-shuvga sabab bo’ldi. Odamlar nafaqat sport tashkilotidagi korrupsiya, balki uni fosh qilishdagi AQSh roli haqida ham gapirmoqda.

Britaniyalik futbol yozuvchisi Keyr Radnejga ko’ra, AQShning FIFA yetakchilariga qarshi jinoyat ishi ochishini Yevropa va dunyo bo’ylab ko’pchilik ma’qulladi.

“O’tgan 5-7 yil ichidagi Britaniya matbuotiga nazar solsangiz, bu haqda ko’pdan beri gapirib kelishayotgan edi. Ishlar tez amalga oshmaganidan, odamlar tez qo’lga tushmaganidan ko’pchilik xunob edi. Ammo muammoning bir qismi FIFAdagi juda bo’sh boshqaruv tizimidir”, - deydi u.

Korrupsiya mojarosi ortidan FIFA Prezidenti Zep Blatter qayta saylanishidan bir hafta o’tmay iste’foga chiqdi.

FIFA amaliyotlari oshkora emas edi, deydi AQShlik sport huquqshunosi Deyvid Larkin.

“Qayerdamiz hozir, FIFA o’zi nima? Shu savollar atrofida o’ylash muhim. 25 ta odam yashirincha, hech qanday mas’uliyatga ega bo’lmasdan boshqaradigan tashkilot deyish mumkin uni”, - deydi u.

O’tgan oy boshlangan mashmasha futbol bo’yicha jahon chempionati va boshqa xalqaro musobaqalarni boshqaruvchi tashkilotdagi korrupsiya va poraxo’rlikni fosh qildi. “Tashqi siyosat” jurnali xodimi Deyvid Frensis AQSh tekshiruvidan ko’zlangan maqsadni shunday ifodalaydi:

“Kichik baliqlar qo’lga olindi. Ular orqali endi katta baliqlar ushlanadi. Oxirgi o’tgan ikki haftada shu narsaga guvoh bo’lyapmiz. AQShni bu ishga undagan narsa nima? U jahon kubogi ortidan intilyapti, deb o’ylamayman. Chunki nima bo’lishidan qat’i nazar, uni 2022-yilda qo’lga kiritishi deyarli imkonsiz”.

Deyvid Larkinga ko’ra, shu paytgacha FIFA mustaqil va pokiza tashkilot sifatida tanilgan. Lekin AQSh qo’ygan ayblovlar bu obro’ni barbod qildi. Ammo FIFA qoshida hanuz yuzlab yaxshi mutaxassislar futbol orqali yoshlar taraqqiyoti, sog’liq va ta’lim sohasida ko’p ishlarni amalga oshirmoqda, deydi Keyr Rednej.

“Tepada pul ishlash bilan band odamlarni deb ularning ishiga ham dog’ tushdi”, - deydi u.

2017-yil Malayziyada o’tadigan FIFA anjumanida 2026-yilgi jahon chempionati mezboni aniqlanishi belgilangan edi. Ammo FIFA bu haqda qaror qabul qilishning ortga surilganini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG