AQSh Davlat departamenti: "Islomiy davlat" yengilmoqda

  • Amerika Ovozi

Jamoatchilik ishlari va diplomatiyasi bo'yicha AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Richard Stengel

Jamoatchilik ishlari va diplomatiyasi bo'yicha AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Richard Stengel

AQSh Davlat departamentida IShID propagandasiga qarshi axborot kurashini kuchaytirish maqsadida Global aloqa markazi tuzilgan. Markaz faoliyati qanday ketmoqda? "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashning bugungi ahvoli qanday? Jamoatchilik ishlari va diplomatiyasi bo'yicha AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Richard Stengel shu haqda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'zlab beradi.

"IShID urushda yengilmoqda. Iroqda 50 foizdan ko'proq, Suriyada esa 20 foizdan ortiq hududlarini boy berdi. Iroq va Suriyaga xorijlik jangarilarning kelishi 70, 80, hatto 90 foizgacha kamaydi. Ular g'alabalarini ijtimoiy tarmoqlarda ovoza qilishdi. Endi bundan ularga naf yo'q, chunki janggohlarda yutqazishyapti. Axborot jangida ham imkoniyatni boy berishyapti", - deydi Stengel.

Uning aytishicha, IShID propagandasining asosida G'arb islomga qarshi va G'arb bilan kurashish har bir musulmonning burchi, degan qarash yotadi.

"Bu da'voga qarshi kurashda Amerika uchun eng yaxshi yo'l ishonchli ovozlarni, IShIDning islomiy emasligini, hammadan ko'p musulmonlarni ular o'ldirayotganini, tinch aholi, ayollar va bolalar qurbon bo'lganini aytib kelayotgan musulmonlarga minbar berish. Ular qurgan "xalifalik"dan qochib kelayotgan yigitlar, ayollarga imkon beraylik. Ularning o'zlari da'vo qilayotgan odamlar emas, balki qotillar ekanini hammaga aytishsin", - deydi u.

"Biz nafaqat davlatlar bilan, balki Silikon vodiysidagi texnologiya kompaniyalari bilan ham ishlayapmiz. Ular o'zlari yaratgan tizimlar bunday dahshatli materiallar bilan ifloslanishini xohlamaydi. Shu bois ular ham kurashmoqda. IShID bayonotlarining 50-60 foizga kamayishi sabablaridan biri ham shunda, texnologiya kompaniyalari ularni o'chirmoqda", - deydi AQSh rasmiysi.

Stengel fikricha, IShID propagandasiga qarshi kurash faqatgina Davlat Departamentining ishi emas, butun dunyoning ishi; musulmonlarning vazifasi.

"Bir yarim miliard musulmonning deyarli barchasi IShID ishlarini qoralaydi. Ular bu kurashning haqiqiy ishtirokchilaridir”, - deydi Richard Stengel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG