Fillips Kolleksiyasi - nodir san'at asarlari to'plami

  • Amerika Ovozi

Fillips Kolleksiyasi - nodir san'at asarlari to'plami

Fillips Kolleksiyasi - nodir san'at asarlari to'plami

Vashingtonda 1921 yilda ochilgan bu maskan san'at ixlosmandi Dunkan Fillipsning uyi bo'lgan.

Fillips Kolleksiyasi (Phillips Collection) xususiy to'plamlar ichida shohi sanaladi. Uch mingdan ziyod asar ko'rgazmada.

O’tgan yili muzeyga o’t tushib, qattiq ziyon ko’rdi. Yanvar boshida qayta ishga tushgan muzey bugun 90 yoshini qarshiladi.

Galereyani ko’raman deb olti mingdan ziyod muxlis keldi. Ochilish marosimida taniqli san’atshunos-rassomlar yaratgan katta tort dasturxonga tortildi.

Muzey xodimi Doroti Kosinski binoning jozibasi bor, deydi u.

“Katta muzeylardan, haybatli asarlar terilgan, zalvarli mualliflar tilga olingan dargohlardan ajralib turadi. Shinam, mo’jazgina bizning muzey. Dunkan Fillipsning didi, xohishini o’zida ifoda etgan bir san’at makoni”,- deydi u.

Fillips muzeyida fransuz impressionistlari, tabiiylikni kuylagan rassomlar, deylik, Pyer Ogyust Renuarning betakror asarlari bor.

Pyer Ogyust Renuar mo'yqalamiga mansub "Qayiqchilar tushlikda" asari

Pyer Ogyust Renuar mo'yqalamiga mansub "Qayiqchilar tushlikda" asari

“Qayiqchilar tushlikda” nomli asari to’plamning guli. Impressionizm davrining sara namunasi”,- deya tushuntiradi Doroti Kosinski.

Kolleksiyada ekspressionizm, hissiyotni qalamga olgan ustalar, masalan Mark Rotko ijodiga atalgan alohida xona bor.

“Fillips Afro-Amerika san’atini qadrlagan. Undan keyin bu modaga aylandi. Fillips Kolleksiyasi Vashingtonda irqchilikka qarshi kurashda muhim rol o’ynagan. U paytlari bu shahar qoralarni odam o’rnida ko'rmasdi”,- deydi Doroti Kosinski.

“Qora tanli aholi tortgan jabr… Odamlarning janubdan shimol tomon ommaviy ko’chishi. Jamiyat hayoti, qarashlaridagi o’zgarishlar o’z aksini topgan bu asarlarda”.

Dunkan Fillips (1886-1966) - Amerikaning taniqli zodagonlaridan biri bo'lgan, shuningdek atoqli san'atshunos.

Dunkan Fillips (1886-1966) - Amerikaning taniqli zodagonlaridan biri bo'lgan, shuningdek atoqli san'atshunos.

Janob Fillips Yevropa rassomlari va afro-amerikalik ustalarning ijodini aralash qo’yib, odamlar teng ekaniga ishora qilgan.

“Yangilikni tanlagan, eski qarashlarga qarshi isyon ko’targan modernist rassom Artur Dov asarlari kolleksiyaning muhim qismi. Dunkan Fillips uning rasmlarini har yili sotib olishni kanda qilmasdi. Ustaning birinchi xaridori edi”,- deydi Doroti Kosinski.

Artur Dovning “Shamol tegirmon” asaridan ruhlangan, mavhumlik-abtraksionizm bo’yicha usta Sem Gilliam muzeyning zinalarini o’sha ruhda bezatdi.

Muzey 90 yoshga to’lishi munosabati bilan britaniyalik rassom Ser Xovard Xodkin ikki katta panno chizdi. “Vaqt – oqar daryo” deya nomlanadi.

12 metr kvadrat keladigan bu asarlar matoga bosib ishlangan. Ikkisi bir-birini takrorlaydi. Lekin ranglari boshqa-boshqa.

Impressionizm va zamonaviy uslub ustalari bir safda terib chiqilgan. Muzey xodimi Doroti Kosinski fikricha, bu ham Fillips Kolleksiyasining o’ziga xos tomoni.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG