Uchar mashinalar kelasi yildan boshlab bozorga chiqishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Uchar mashinalar kelasi yildan boshlab bozorga chiqishi mumkin

Uchar mashinalar kelasi yildan boshlab bozorga chiqishi mumkin

Uchar avtomobillarnii faqat fantastika kinolarida ko'rish mumkin der edik. Texnologiya asrining navbatdagi tuhfasi aynan mana shunday mashinalar bo'lishi mumkin.

Stiv Seynt aviatorlar oilasidan. Otasi Janubiy Amerika o’rmonlarida uchuvchi bo’lgan. Bolaligi ham o’sha yerda o'tgan.

“Men Ekvadorda, Amazon o’rmonlarida katta bo’lganman. U yerda avtomobil yo’llari yoq. Yagona transport vositasi bu samolyot ”.

Stiv “I-TEC” nomli kompaniyaga asos solgan. Uning shirkati texnologiya yetib bormagan, uzoq joylarda yashovchi odamlarga xizmat qiladi.

Yer kurrasining inson qadami kam yetgan qismlarida oson harakat qilish maqsadida Stiv Seynt, ko’pchilikning hayolidagi orzu - uchar mashina ixtiro qildi. Unga ““Maverick”, “betakror” deya nom berdi.

“Bu oddiy mashina, lekin u parvoz qiladi. O’rganib olishga esa bor yog’i 2 soat kifoya”.

U soatiga 150 kilometr tezlik bilan harakat qila oladi. Qanotlarini yozib parvoz qilganda esa, yerdan 100 metr balandlikda soatiga 65 kilometr tezlik bilan uchadi.

Bu ideal tezlik va balandlik emas albatta, deydi Stiv Seynt, lekin bu hali boshlanishi.

“Favqulodda holatlarda, insonparvarlik yordami yetkazishda… Asosiy e’tiborni shularga qaratayapmiz. AQShda ham xaridorlar izlayapmiz ”.

Stiv yaratgan uchar mashina yagona emas.

Samolyot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Terrafuga” kompaniyasi ham “Transition” nomli uchar mashina yaratgan.

“Ham ucha oladigan, ham yerda yura oladigan transport vositasi yaratsa bo’lishini isbotladik. Qanotlarini bir minutda yig’ishtirib, garajga osongina olib kirib qo’ysa ham boladi”,- deydi kompaniya rahbari Anna Dietrix.

“Transition” hali ham tajriba maydonchasida. Barcha texnik talablarga javob berganidan keyingina kompaniya uni ishlab chiqarishga ruxsat olishi mumkin.

“Maverick” va “Transition” uchar mashinalari inson orzusidan haqiqatga aylanishiga bir qadam qolganiga qaramasdan ko’plab mutaxassislar ularning kelajagiga shubha bilan qaraydi.

“Ular na mukammal avtomobil, na bir samolyot… Ularni juda maqtab yuborayapmiz, haddan tashqari ko’p narsa kutayapmiz”,- deydi Jon Monnet, “Sonex Aircraft” shirkati asoschisi.

Uning kompaniyasi elektr quvvati yordamida uchuvchi sport samolyoti ustida izlanish olib bormoqda. Uchar mashinalar zamoni hali kelgani yoq, deydi u.

“Bu yangi kashfiyot. Hammasini vaqt ko’rsatadi. Samolyot yaratishning o’ziga xos qonun-qoidalari mavjud. U mashina yaratishdan keskin farq qiladi”.

Anna Dietrix esa bu fikrga qo’shilmaydi.

“Bu ixtiro yaqin kelajakda unumli bir transport vositasiga aylanishiga ishonchim komil. To’g’ri, bu to’laqonli samolyot yoki mashina emas. Ammo ikkisining ham ishini qilishi mumkin”.

Izlanishlar, sinovlar davom etmoqda. Birinchi mahsulot bir yarim yil ichida sotuvga tayyor bo’lib, boshlanish narxi 200 ming dollar atrofida bo’lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG