Ko'z kasalliklarini davolaydigan samolyot-kasalxona yaratildi


Xalqaro xayriya tashkiloti ko'z kasalliklarini davolashga mo'ljallangan samolyot-kasalxona tashkil etdi. Dunyo bo'ylab qashshoq odamlarga yordam beruvchi klinikada ko'plab ko'ngilli shifokorlar xizmat qiladi.

Dunyoning yagona uchar ko'z shifoxonasi yaqinda yangi MD-10 samolyotiga ega bo'ldi. Unda shifokor va hamshiralar dunyo bo'ylab uchib, ko'z tekshiruvi va jarrohlik ishlarini amalga oshiradi. Nega samolyotda?

"Zambiyada operatsiyaning o'rtasida tok o'chib qolishi mumkin. Qo'lni yuvib turish uchun oldingizga bir chelak suv qo'yib olasiz, chunki u yerlarda suv ham topilmaydi", - deydi shifokor Daniel Nili.

Orbis klinikasi Kamerun, Efiopiya, Gana va Lotin Amerikasida mahalliy shifoxonalar bilan hamkorlik qiladi.

"Osiyoda Xitoy va Vyetnamda ishlaymiz. Hindiston va Bangladeshda ham loyihalarimiz bor. Indoneziyaga ham boramiz. Qayerda yordam kerakligini aniqlasak, o'sha yerga uchamiz", - deydi doktor Jonatan Lord.

Dunyoda 285 milliondan ortiq odamning ko'zida muammo bor. Aksariyati qashshoq mamlakatlarda. Ularning 80 foizini davolash yoki oldini olish mumkin.

Ko'ngillilar orasida uchuvchilar ham bor. Geri Dayson "FedEx" kompaniyasida yuk tashiydi, ammo bo'sh vaqtida Orbis samolyotida ham uchadi.

"Dushanba kuni ko'zi ko'rmayotgan bolaning chorshanba kuni ko'rayotganini bilish sizni bu ishga rom qiladi", - deydi u.

Bir jarrohlik amaliyoti katta ijobiy o'zgarishga sabab bo'lishi mumkin.

"Keyingi kun ko'zini ochganda ular yuzida katta tabassum ko'rasiz", - deydi jarrohlardan biri.

Orbis klinikasi samolyot bortida mahalliy shifokorlarga trening dasturlari ham tashkil qiladi.

"Boshqalarga ko'z nurini saqlashni va yaxshilashni o'rgatamiz. Shunga asosiy e'tibor qaratilsa, ko'zi ojizlik muammosi ancha kamayadi", - deydi Orbis rahbari Bob Renk.

Klinikaning yangi samolyoti "FedEx" tomonidan ehson qilindi. Dastlab, u AQShning ayrim shaharlariga uchadi. So'ng sentabr oyida Xitoyga jo'nab ketadi.

XS
SM
MD
LG