Breaking News

Oziq-ovqat nega qimmat?


Oziq-ovqat nega qimmat?
Oziq-ovqat nega qimmat?

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, jahonda oziq-ovqat yanvar oyida qimmatlaganidan beri yaqin-orada arzonlaydigan emas. Sabablari esa hamma joyda turlicha. Ammo o’xshashliklar ham bor.

Gong-Kongda go’shtning narxi osmonda. “Oldinlari 10 Gong-Kong dollari edi, hozir 15 dollar. Ancha oshdi”, - deydi xaridorlardan biri.

Qayerga bormang, bugun ahvol shu. Odamlar bozor-o’charga ko’proq pul sarflaydigan bo’lib qolgan. Narx-navo o’tgan yilning iyulida tepaga tirmasha boshlagan edi. Yanvarda eng yuqori nuqtaga yetdi-yu to’xtadi. Bunaqasi 2008-yilda bir bo’lgan edi, deydi Shengen Fen, Xalqaro Oziq-ovqat tadqiqot instituti rahbari.

Uning aytishicha, hayron bo’ladigan yeri yo’q. Oziq-ovqat narxiga ta’sir qiladigan omillar doim bir xil bo’lib kelgan.

Oziq-ovqat nega qimmat?
Oziq-ovqat nega qimmat?

Energiya ishlab chiqarishda don mahsulotlari ko’p qo’llanayotgani narx-navoni belgilovchi muhim omillardan, deydi Shengen Fen. Amerika oxirgi yillarda makkajo’xoridan etanol ishlab chiqarish bilan band. Braziliyada shakarqamish, Yevropada esa krestgullilar oilasiga oid o’simlikdan bioyonilg’i yaratilmoqda.

Bularning bari tobora qimmatlab borayotgan xom neftning o’rnini bosa oladi. Ayova Universiteti professori, iqtisodchi Dermot Xeys yegulik va energetika o’rtasidagi bog’liqlikni shunday izohlaydi:

“Neft qimmat paytida mahsulotni daladan yetkazish ko’proq pul talab qiladi. Transport xarajatlari ham oshgan”.

Holbuki, farovon, tokis davlatlarda sifatli va mo’l mahsulotga talab ortgan, deydi Shengen Fen.

“Xitoy, Hindiston va Braziliya kabi iqtisodiyoti taraqqiy etayotgan davlatlarda boylar ko’payib bormoqda. Ularning ehtiyoji ham shunga yarasha. Go’sht, baliqning eng yaxshisini, sabzavot, mevaning eng sarasini oladi ular”, - deydi u.

Bir kilogram yaxshi, hil-hil go’sht uchun esa bir necha kilogram ozuqa, kunjara kerak.

Oziq-ovqat nega qimmat?
Oziq-ovqat nega qimmat?

Jahonda don mahsulotiga talab kuchli ekani sababli fermer hosilni imkon qadar mo’lroq qilishi kerak. Lekin o’tgan yili havoning avzoyi buzildi, deydi Dermot Xeys.

“Amerikaning Indiana, Missuri, Ayova, Viskonsin, Illinoys va Ogayo kabi markaziy shtatlarida rosa yomg’ir yog’di. Lekin, deylik, qurg’oqchilikdan azob tortgan Rossiya, Ukraina kabilar bug’doy eksportini butunlay to’xtatdi. Iyulga borib narxlar ko’tarila boshladi”, - deydi u.

Sharqiy Yevropada bu yil ahvol yomonmas, lekin Amerika suvsirab qolgan, havo issiq.

Mutaxassislar fikricha, bug’doy, donning bahosi oshsa, dehqonga yaxshi. Uning mahsulotiga talab oshadi, barakali qilib yetkazib berishi kerak bo’ladi. Lekin talab ketidan ulgurish, yil-sayin oshib borayotgan ehtiyojni qondirish oson emas. Chunki iqlim o’zgarib, havoda muvozanat buzilgan. Bundan kimga qiyin, dehqonga qiyin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG